Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
21 noyabr 2022
4079Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif dasturiga muvofiq Parij shahridagi Yelisey saroyida oliy darajadagi muzokaralar va Fransiya Milliy yig‘inida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ustuvor sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
O‘zbekiston rahbari Fransiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.
Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutiga tashrif buyurib, o‘zbek xalqining boy madaniy merosiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” va “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” ko‘rgazmalari bilan tanishish mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakatga ilk bor prezidentligining birinchi muddatida – 2018 yilning 8-9 oktyabr kunlari tashrif buyurgan edi.