Shavkat Mirziyoyev Bayden bilan uchrashdi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
7442Kecha, 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
“AQSH Prezidenti mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hamda Yangi O‘zbekistonda amalda oshirilayotgan va muqarrar tus solgan islohotlar siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbat davomida AQSHning yetakchi kompaniya va banklari bilan amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surishga to‘xtalib o‘tilgan.
“Ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar hamda Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifidan oldin o‘tgan biznes forumi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, inson huquqlari, gender tenglik sohalarida hamda inson farovonligini ta’minlashning boshqa yo‘nalishlarida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.