Markaziy Osiyo rahbarlari Bayden bilan sammit o‘tkazdi
Olam
−
20 Sentabr 2023
10346Kecha, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrif dasturiga muvofiq Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovlar ham qatnashgan.
Qayd etilishicha, uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Sammitda sakkiz yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “S5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani ta’kidlangan.
O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi va noyob imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholagan.
“Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.