Shartlari bor... Qozog‘iston O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarni tiklayapti

Olam

image

Qozog‘iston tomoni ushbu mamlakatda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgani sababli qator davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston bilan muntazam aviareyslarni tiklashga qaror qiladi. Bu haqda Qozog‘iston transport sohasi bosh sanitar vrachi Sadvakas Baygabulov ma’lum qildi.

"Xalqaro reyslarni qayta tiklash to‘g‘risida qarorlar bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilmoqda va qabul qilinmoqda. Ushbu qarorlarni hisobga olgan holda xalqaro reyslarni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi", dedi Baygabulov bugun, 26 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Shu bilan birga, Baygabulov jurnalistlarga Qozog‘iston birinchi va ikkinchi toifadagi mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirganini va ular bilan muntazam parvozlarni qayta tiklash rejalashtirilganini aytdi.

"Birinchi toifaga Vengriya, Hindiston, Germaniya, Chexiya, Malayziya kiradi. Birinchi toifadagi mamlakatlardan kelgan yo‘lovchilar uchun hech qanday cheklovlar yo‘q. Ta’kidlash joizki, birinchi toifaga Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gruziya va Tailand kiritilgan", dedi u brifing chog‘ida.

Rasmiyning ta’kidlashicha, Misr, Ukraina, Polsha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ikkinchi toifadagi mamlakatlar qatoriga kiritilgan.

Baygabulovning ta’kidlashicha, COVID-19 yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lgan yo‘lovchilarga hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi.

"Agar sertifikat bo‘lmasa, u holda sanitariya-karantin punktlari mutaxassislariga 48 soat ichida PSR-tahlillar to‘g‘risida xabar beriladi yoki u 14 kunlik uy karantinidan o‘tishi kerak bo‘ladi", dedi shifokor.

Uning eslatishicha, COVID-19 yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikat olingan kundan boshlab besh kun davomida amal qiladi.

Birinchi va ikkinchi darajaga kiritilmagan mamlakatlarning uchinchi toifalari uchun parvozlar taqiqlanadi.

16 mart kuni Qozog‘istonda koronavirus tufayli favqulodda holat joriy etilishi bilan mamlakatdagi muntazam havo qatnovi to‘xtatildi. 11 may kuni Qozog‘istonda favqulodda holat bekor qilindi.

20 iyun kuni Qozog‘iston xalqaro qatnovlarni bosqichma-bosqich qayta boshladi, 25 maydan boshlab barcha ichki reyslar tiklandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 19 750 nafar odam koronavirusga chalindi. Ulardan 12 220 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 140 bemor olamdan o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston aviaqatnov

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing