Shanxayda dunyodagi eng katta planetariy ochildi (foto)

Olam

image

Xitoyning Shanxay shahrida dunyodagi eng yirik planetariy ochildi. U bugun, 18 iyuldan boshlab, mehmonlarni qabul qila boshladi. 

Ta’kidlanishicha, ushbu muzeyning ochilishi shaharliklar orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Bugun ertalabdan majmua atrofida katta navbat paydo bo‘lgan. Ichkariga esa faqat oldindan sotib olingan chipta bilan kirish mumkin edi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 18 iyul kuni planetariyga 6 mingga yaqin odam tashrif buyurgan. 

Qurilishi 2016 yil noyabr oyida boshlangan majmua Shanxayning Pudun tumanidagi Lingan erkin savdo zonasida joylashgan. Asosiy binoning umumiy maydoni 38 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Qo‘shni inshootlarga ega majmua 58,6 ming kvadrat metr maydonda joylashgan. 

Planetariy asosiy bino va bir qator yordamchi inshootlardan, shu jumladan yoshlar ilmiy markazi va ikkita jamoat rasadxonasidan iborat. Ko‘rgazma qismda mehmonlar 70 ga yaqin turli xil meteoritlarning parchalarini ko‘rishi mumkin. Kolleksiyaga shuningdek, Isaak Nyuton, Galileo Galiley, Nikolay Kopernik va boshqa bir qator olimlarning asl asarlari kiritilgan. 

Qayd etilishicha, planetariyning o‘quv dasturlarida ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish, kengaytirilgan haqiqat, biometriya va sun’iy intellekt kabi texnologiyalar keng qo‘llaniladi. 

Tashqi tomondan bu kompleks fantastik filmlardagi katta kosmik kemaga o‘xshaydi. Asosiy bino atrofidagi yurish yo‘llari shunday joylashtirilganki, ular galaktik spiral chiziqlariga o‘xshaydi. Planetariyni qurish jarayonida ekologik toza materiallar va kompleksning ishlashini ta’minlash uchun yashil texnologiyalarning so‘nggi yutuqlaridan foydalanilgan. 

Ta’kidlanishicha, planetariyda teleskop ham mavjud bo‘lib, unga Quyosh tizimini kuzatish uchun barcha astronomiya ixlosmandlari kirishi mumkin. Bundan tashqari, undan turli ilmiy loyihalarda, shu jumladan talabalar ham foydalanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Shanxay planetariy

Baholaganlar

223

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing