Shanxaydagi supermarketda pichoqbozlik sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
01 Oktabr
5491Xitoy sharqida joylashgan Shanxay shahridagi supermarketda noma’lum erkak pichoq bilan odamlarga hujum qildi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Mahalliy politsiya bo‘limiga ko‘ra, ushbu voqea kecha, 30 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan 21:47 da sodir bo‘lgan.
“Politsiya voqea bo‘yicha xabarni olganidan so‘ng hodisa joyiga tezda yetib bordi va 37 yoshli Lin familiyali gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Jarohat olgan 18 kishi zudlik bilan shifoxonaga yetkazilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Jarohatlanganlarning uch nafari vafot etdi”, deyiladi politsiya bayonotida.
Nashrning yozishicha, qolgan o‘n besh nafar jarohatlanganlarning ahvoli yaxshi. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak Shanxayga kelib, o‘zining shaxsiy moliyaviy qiyinchiliklari sababli kimdandir alamini olmoqchi bo‘lgan va shu ishga qo‘l urgan.
Tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Zolingen shahridagi festivalda noma’lum erkak pichoq bilan odamlarga hujum qilishi oqibatida 3 kishi vafot etgan va kamida 5 kishi jiddiy jarohat olgan edi.
LiveBarchasi