Shaxsiy qarashlarga asoslangan noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda – Diniy qo‘mita
Jamiyat
−
02 Sentabr 2023
15382Joriy yilning 8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 345-sonli qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorda keltirilgan voyaga yetmaganlarning Umraga borishi taqiqlanishi bilan bog‘liq o‘zgarish ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, shu kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida mazkur qarordagi ayrim jihatlar bo‘yicha shaxsiy qarashlarga asoslangan noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda.
“Aslida mazkur qaror asosida endilikda mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan umra tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani keltirilgan”, deyiladi munosabatda.
Unga ko‘ra, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
- 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
- umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
- umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
- umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
- umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
2023-yil 1 oktyabrdan umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qo‘mitasining maxsus saytida e’lon qilib boriladi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llaniladi.
“Shu o‘rinda, muhim bir jihatga e’tibor qaratish lozim: Qarordagi “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, biroq mazkur jihatni turli assotsiatsiya va vakolatga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan shaxsiy qarashga asoslangan holda noto‘g‘ri talqin qilinishi – odamlarni chalg‘itishga sabab bo‘lmoqda. Aslida, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish ta’qiqlanadi”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, Diniy qo‘mita mazkur qarorni sharhlash va shaxsiy qarashni ommaga singdirish turli assotsiatsiya va shaxslarning vakolatiga kirmasligini alohida ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga elektron viza olish imkoniga ega bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
LiveBarchasi