Shaxmatchilar qanday kutib olindi?

Sport

Bugun, 24 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi ishtirokchilari tantanali kutib olindi. Olimpiadada O‘zbekiston erkaklar jamoasi amaldagi chempion sifatida ishtirok etib, yakunda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shaxmatchilar musobaqaning 4-turida Vetnamga uchralgan mag‘lubiyat yakunda chempionlik masalasida o‘z so‘zini aytganini bildirdi. 

Jamoa yetakchisi Nodirbek Abdusattorov esa minbarga so‘z chiqib, 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tadigan shaxmat Olimpiadasida bosh sovrinni yurtga qaytarish uchun bor salohiyatini ishga solishini aytdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxmatchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shaxmat Olimpiadasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston erkaklar jamoasi a’zolariga BYD avtomobillari va 170 million so‘m pul mukofoti topshirildi. 

Budapesht Olimpiadasida FIDE bayrog‘i O‘zbekiston vakillariga topshirildi. 2026 yilda Toshkentda 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi o‘tkaziladi. Toshkent Olimpiadasida g‘olib bo‘lish uchun o‘zbek shaxmatchilari Budapeshtda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilishi va o‘z ustida yanada kuchliroq ishlashi zarur. 

Xabaringiz bor, Budapesht Olimpiadasida asli o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova AQSH safida munosib ishtirok etib, yakunda ayollar o‘rtasidagi bahslarda jamoasi bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev kelgusida Tohirjonovani yana O‘zbekistonaga qaytarish rejasi yo‘q emasligini bildirdi.

Oldinda muhim musobaqalar juda ko‘p. 2026 yilda Toshkent Olimpiadasida shohsupaning 1-pog‘onasiga chiqish uchun esa o‘zbek vunderkindlaridan qat’iy rejimda o‘z ustida tinimsiz ishlab, raqobatbardosh shaxmatchi sifatida tizimli tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Nodirbek Abdusattorov Shaxmatchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing