Shahzoda Garri va Megan Markl pul, unvon va imtiyozlardan mahrum qilinadi
Olam
−
19 yanvar 2020
7545Buyuk Britaniya shahzodasi Garri va uning turmush o‘rtog‘i Megan Markl joriy yilning bahoridan qirollik majburiyatlarini doimiy asosda bajarishni to‘xtatadi va “zoti oliylari” deb chaqirilmaydi. Bu haqda Bukingem saroyi rasmiy bayonotida aytilgan.
“Gersog va gersoginya ishlovchi qirollik oilasi a’zosi hisoblanmagani uchun “zoti oliylari” deb chaqirilmaydi. Gersog va gersoginya Britaniyadagi uylari hisoblangan Frogmor kottejining ta’miri uchun to‘lov qilishga qaror qildi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga ular endilikda qirollik majburiyatlarini bajarish uchun jamoatchilik mablag‘larini olmaydi hamda Garri va Megan rasmiy tadbirlarda qirolicha nomidan ishtirok eta olmaydi.
“Sasseks gersog va gersoginyasi hayotlarining yangi boiqichida qirolicha zoti oliyalari va qirollik oilasi ularni qo‘llab-quvvatlagani uchun ularga minnatdorlik bildirdi. Kelishuvga ko‘ra, ular qirollik majburiyatlari, shu jumladan rasmiy harbiy marosimlardan ham chetlashishlari kerak”, deyiladi bayonotda.
Yangi model 2020 yil bahoridan kuchga kiradi.
Qirolicha alohida bayonot ham berdi. “Bir necha oy davom etgan muloqot va so‘nggi suhbatlardan keyin mening nabiram va uning oilasi uchun konstruktiv yechim topa oganimizdan xursandman. Garri, Megan va Archi (ularning farzandi) oilamning suyukli a’zolari bo‘lib qoladi. Men ularni tushunaman va nisbatan mustaqil hayot kechirish maqsadini qo‘llab-quvvatlayman”, degan Yelizaveta Ikkinchi.
Qirolicha Garri va Meganga ularning mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Garri va Megan joriy yilning 8 yanvar kuni mustaqil hayot kechirishni istashi va moliyaviy imtiyozlardan voz kechib, yashash uchun o‘zlari mehnat qilib pul topishga qaror qilganini bildirdi. Shuningdek, ular vaqtlarini Shimoliy Amerika, xususan Kanada va Britaniyada o‘tkaish niyatida ekanini ochiqladi. Bu masala dastlab kirollik oilasining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi, ammo keyinroq bu qarorni qirolicha qo‘llab-quvvatladi.
Yosh oila Kanadada yashashiga hech bir tarafda qarshilik yo‘q, ammo ularning okeanortidagi hayoti qaysi mablag‘ hisobiga bo‘lishi so‘roq ostidagi masala.
Ma’lumot uchun, shahzoda Garri va amerikalik aktrisa Megan Markl 2018 yilning 19 may kuni turmush qurgan.
LiveBarchasi