Qirolicha erka shahzodaning yangi hayot boshlashiga rozilik berdi
Olam
−
14 yanvar 2020
7227Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II shahzoda Garri va uning turmush o‘rtog‘i Megan Marklning biroz muddat Kanadada yashash to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Bukingem saroyining rasmiy bayonotida aytilgan.
Yosh juftlik moliyaviy imtiyozlardan voz kechib, o‘zlari ishlab pul topish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishgandi. Bundan tashqari, ular ko‘proq vaqtini Shimoliy Amerikada o‘tkazishni istashyapti. Dastlab qirollik oilasining a’zolari bunga qarshi bo‘lgandi.
Biroq qirolicha Yelizavetaning so‘zlariga ko‘ra, oila Garri va Meganning yangi hayot boshlash qarorini ma’qullagan. U bunday qarorga hurmat bilan qarashini ta’kidlagan.
“Bu mening oilam uchun qiyin masala, hali ko‘p ish qilish kerak. Men yaqin orada yakuniy qaror qabul qilishni so‘radim”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Yelizaveta II nafaqat shahzoda Garrini, balki uning akasi Uilyam va otasi Charlzni ham chaqirgan. Saroyga, shuningdek, qirollik oilasining boshqa a’zolari ham to‘plangan.
Ma’lumot uchun, shahzoda Garri qirolicha Yelizavetaning eng suyukli nabiralaridan hisoblanadi. Shu sababdan qirolicha dastlab erkatoy nabirasining o‘zidan uzoqlashishiga qarshi bo‘lgan.
LiveBarchasi