Shahrisabz aeroporti vaqtincha yopiladi
Jamiyat
−
11 mart
2809Shahrisabz aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Aeroport 2025 yil 13 mart Toshkent vaqti bilan soat 05:00 dan 2025 yil 25 mart 05:00 gacha faoliyat yuritmaydi.
Bildirilishicha, uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddat – 1983 yildan beri ishlatilishi munosabati bilan hamda havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini ta’minlash maqsadida keng kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Xususan, 1554 m uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, yurish yo‘lagining ustki qatlami ham ta’mirlanadi. Tanlov natijalariga ko‘ra, qurilish-ta’mirlash ishlarini “Farg‘ona yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi” olib boradi.
“Qayd etish joizki, shu paytgacha Shahrisabz aeroportida samolyotlarni qabul qilish imkoniyati cheklangan edi – parvozlar haftasiga ikki marta kichik L-410 samolyotlarida amalga oshirilardi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi ta’mirlangandan so‘ng aeroport o‘rta masofaga mo‘ljallangan zamonaviy ATR-72 samolyotlarini haftasiga uch martagacha qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida katta aviabortlarni qabul qilish bo‘yicha ikkinchi bosqich ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari amalga oshirilgani sababli Zomin aeroporti ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.
LiveBarchasi