Shahnoza Mirziyoyeva Diyora Keldiyorova bilan uchrashdi
Sport
−
31 iyul
81876O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Fransiya poytaxti Parijda Olimpiada chempioni bo‘lgan dzyudochi qiz Diyora Keldiyorova bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi olamshumul g‘alabasi bilan Diyora Keldiyorovani o‘zim va oilam nomidan qutladim. Vatandoshlarimiz uni bejiz To‘marisga, Oybarchinga o‘xshatishayotgani yo‘q. Chunki u nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasida Olimpiada chempioni bo‘lgan ilk dzyudochi ayol sifatida sport tarixi sahifalaridan joy oldi”, deydi Mirziyoyeva.
Shuningdek, Mirziyoyeva Diyoraga o‘xshagan sportchilar kelgusida jamiyatdagi gender haqsizlikka qarshi qaratilgan bir qancha loyihalarning asosiy yuzi bo‘lishini bildirdi.
“Parijda O‘zbekiston milliy olimpiya terma jamoasi a’zolari bilan ham suhbatlashdik, mas’uliyatli bahslar oldidan ularga muvaffaqiyat tiladik. O‘zaro uchrashuvimiz chog‘ida Diyora Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda oilalarda ayollarga nisbatan uchraydigan zo‘ravonlikka, jamiyatdagi gender haqsizlikka qarshi qaratilgan bir qancha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, shu loyihalarning yuzi va ishtirokchisi bo‘lish haqidagi taklifimni mamnuniyat bilan qabul qildi”, deydi Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, Diyora Keldiyorova hozircha Parij Olimpiadasida O‘zbekiston hisobiga medal qo‘shib qo‘ygan yagona sportchi bo‘lib turibdi. Olimpiada bahslari 11 avgustga qadar davom etadi.