SHHTga Rossiyaning “uka”sini ham olish masalasi ko‘rilmoqda

Jamiyat

image

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Belarusning tashkilotga to‘laqonli qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasini faol o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashida aytib o‘tdi.

“Tomonlar Belarus Respublikasining tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini faol o‘rganmoqda. Kengayish mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikka salmoqli turtki berishi hamda tashkilotimiz hududida ulkan tranzit salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi haqida umumiy tushuncha mavjud”, degan Norov.

O‘zbekiston TIV rahbari SHHTga Eron Islom Respublikasining ham qabul qilinishi borasida fikr bildirgan.

“O‘zbekiston buni tashkilotimiz evolyutsiyasidan dalolat beradigan tabiiy jarayon, deb biladi. Eron Islom Respublikasining to‘la huquqli a’zo bo‘lishi yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatni qayd etishni istar edim”, degan diplomat.

Eslatib o‘tamiz, Norov Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlikning o‘rnatilishi SHHT makonida xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashning strategik sharti hisoblanishini qayd etib o‘tgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi mintaqaviy xalqaro birlashma bo‘lib, 2001 yil 15 iyun kuni Shanxayda tashkil etilgan. SHHTga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zodir. Bu yil tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

ShHT Vladimir Norov

Baholaganlar

278

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing