SHHT tuzilmasi Qoraqalpog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (SHHT) mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallashga urinishda ifodalangan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi beqarorlikka urinishlarni qoraladi. Bu haqdagi bugun, 4 iyul kuni SHHT MATT saytida e’lon qilingan bayonotda aytiladi. 

“SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi konstitutsiyaga zid ko‘rinishlar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarni qoralab, joriy yilning 1 iyulida sodir bo‘lgan voqealar munosabati bilan barqarorlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni saqlash tarafdori”, deyiladi bayonot avvalida. 

Alohida urg‘ulanishicha, SHHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi holat bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

“[SHHT MATT] Qoraqalpog‘istonda huquq-tartibotni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, millatlararo totuvlik va ko‘pmillatli O‘zbekistonning barcha xalqlarining tinch-totuv yashashi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildiradi”, deyilgan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

108

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing