SHHT Davlat rahbarlari kengashi Dushanbeda bo‘lib o‘tadi
Olam
−
13 iyul 2021
5941Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashi joriy yil 16-17 sentyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 12 iyul kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin va SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov kengash yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini muhokama qilgan.
Xabarga ko‘ra, Vladimir Norov ayni vaqtda SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida qatnashish uchun Dushanbeda bo‘lib turibdi. Tomonlar davlat rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvidan tashqari boshqa dolzarb masalalarni ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 iyul kuni Dushanbeda SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Vladimir Norov uchrashuvdagi ishtiroki doirasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan ham uchrashadi.
Ma’lumot o‘rnida, Dushanbeda bo‘layotgan SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etadi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti haqida
Ushbu xarqaro tashkilot 1996 yildan “Shanxay beshligi” shaklida, 2001 yilga kelib esa tashkilot sifatida faoliyat yurita boshlagan.
Tashkilotning asosiy vazifalari:
- ishtirokchi davlatlarni birlashtirgan keng doiradagi barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash;
- terrorizm, separatizm, giyohvand moddalar savdosi, ekstremizmga qarshi kurash;
- iqtisodiy hamkorlikni, energetik sheriklik, ilmiy va madaniy o‘zaro aloqalarni rivojlantirish.
2019 yildan beri o‘zbekistonlik diplomat, siyosatchi Vladimir Norov SHHTning Bosh kotibi hisoblanadi. Ushbu tashkilotga O‘zbekistondan tashqari yana Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya va Tojikiston kiradi.
LiveBarchasi