“Sezon” davom etadi. OTMga kiritib qo‘yishni va’da bergan firibgarlar ushlandi
3-sahifa
−
24 iyul 2023
5379Bir nechta hududlarda oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da bergan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot bo‘limi xabar berdi.
Unda aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (IJQKD) hududiy boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, uni Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 19 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, mazkur fuqaro ushbu pul mablag‘idan 16 ming AQSH dollarini Andijon davlat tibbiyot institutida dekan o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, so‘ralgan pulni olgan vaqtida u ham ushlangan. Mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan ushbu oliy o‘quv yurtining o‘qituvchisi ham qo‘lga olingan.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi shaxs 2 nafar fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 12,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro davlat pedagogika instituti xodimi 2 nafar fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtining harbiy ta’lim fakultetiga o‘qishga kirish uchun bo‘ladigan imtihonlardan o‘tkazib qo‘yish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shu jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Guliston tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlangan shaxs Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroni Guliston davlat universitetining jismoniy tarbiya yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qilib, 3 900 AQSH dollari va 1 mln 150 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Xususan, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi, 1995 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini Qozog‘iston Respublikasidagi universitetning 2-bosqichini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalaridan birining 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 600 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda o‘qituvchi va abituriyentlarga “Milliy sertifikat” olib berish uchun 17 700 dollar so‘ragan shaxslar qo‘lga olingan edi.