“Sezon” boshlandi. Toshkent ostonasida turp ostidan salyut chiqdi
3-sahifa
−
28 noyabr 2023
8032Poytaxtga turp olib kelayotgan avtomashina yukxonasiga pirotexnika vositalari yashirilgani fosh bo‘ldi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Aytilishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda salkam 460 ming dona salyut va petardalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvida Farg‘ona vodiysidan poytaxt hududiga kirib kelgan Isuzu rusumli yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib tekshirilganda, avtomashina yukxonasidagi turp solingan qoplar ortiga yashirilgan qutilar bojxona xodimlarining diqqatini tortgan.
Ushbu qutilar xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichida 279 dona salyut va 459 ming dona petarda borligi aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur pirotexnika vositalarining umumiy qiymati 327 mln so‘mdan oshishi aytilmoqda.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatidagi xonadonlardan birida 407 million so‘mlik pirotexnika vositalari saqlanayotgani aniqlangandi.
LiveBarchasi