Seulda ilk bor yadroviy bunker quriladi
Olam
−
14 Oktabr 2728 2 daqiqa
Janubiy Koreya hukumati poytaxt Seuldagi Sonpxa-gu okrugining Garak-don tumanidagi turarjoy majmuasi ostida birinchi fuqarolik yadroviy bunkerini qurmoqchi. Bu haqda “Korea Herald” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu loyiha KXDR tomonidan kuchayib borayotgan harbiy tahdidlar va global beqarorlik, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi tufayli aholi xavfsizligini kuchaytirish choralarining bir qismi bo‘ladi. Poytaxt hukumati va Seul uy-joy va kommunal xizmatlar korporatsiyasi 2028 yilgacha ob’ekt qurilishini yakunlashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yerosti boshpanasi fuqarolarni ehtimoliy yadroviy, biologik va kimyoviy hujumlardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Yangi turarjoy majmuasi uchinchi yerto‘la darajasida joylashgan bo‘lib, 16 ta ko‘p qavatli uylarni o‘z ichiga oladi. 22 ta yerusti va 3 ta yerosti qavati bo‘lgan binoda jami 1240 ta xonadon bo‘ladi. Bunker esa qariyb 2147 kvadrat metr maydonni egallaydi va bir vaqtning o‘zida 1020 kishiga yashirinish imkonini beradi. Unda shamollatish, suv yetkazib berish va saqlash tizimlari, shuningdek, kanalizatsiya ham bo‘ladi. Bu esa favqulodda vaziyatda odamlarning 14 kungacha yer ostida mustaqil yashashiga imkon yaratadi.
Loyihaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, uning ikki tomonlama maqsadi bo‘ladi: tinchlik davrida bino jamoat fitnes markazi sifatida ishlatiladi. Bu mahalliy hukumat tomonidan aniq fuqarolik maqsadlarida qurilgan va yadroviy portlash ta’siridan himoya qilish vositalari bilan jihozlangan birinchi bunday ob’ekt bo‘ladi.
Shahar ma’muriyati ushbu tashabbus fuqaro mudofaasi tizimini yangi voqelikka moslashtirish zarurati bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan.
“Zamonaviy tahdidlar avvalgilaridan farq qiladi. Biz ushbu loyihani boshpanalarning rolini kengaytirish va Seul aholisi xavfsizligini oshirish uchun ishga tushirmoqdamiz”, deyiladi shahar ma’muriyati bayonotida.
Bunker qurilishi 2024 yil mart oyida rasmiylar tomonidan taqdim etilgan “Seul mudofaasi-2030” dasturiga mos keladi. Uning doirasida shaharda yadroviy, biologik yoki kimyoviy hujumlar sodir bo‘lgan taqdirda aholini himoya vositalari bilan ta’minlashga qodir bo‘lgan himoyalangan boshpanalar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Virjiniya shtatida, Vashington shahridan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda dunyoning eng boy 625 kishisini yadroviy urush holatida himoya qilish uchun Aerie (“Qush ini”) nomli yerosti bunkeri qurilishi haqida xabar berilgandi. Bunkerni qurish uchun sarflanadigan mablag‘ 300 million dollarni tashkil etadi. Unda basseynlar, bouling, skalyar devor va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan tibbiyot tizimlari mavjud bo‘ladi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi