Seul yolg‘izlikka qarshi kurash uchun 327 mln dollar ajratadi
Olam
−
24 Oktabr
3534Janubiy Koreya poytaxti Seul shahri hokimiyati yolg‘izlik bilan kurash uchun 451,3 milliard von (deyarli 327 million dollar) ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrning yozishicha, har yili minglab janubiy koreyaliklar – asosan o‘rta yoshdagi erkaklar oilasi va do‘stlaridan uzilib qolib, tinch va yolg‘iz o‘lib ketadi. Ularning jasadlarini topish uchun ba’zan bir necha kun yoki hatto hafta kerak bo‘ladi.
Bu hodisa koreys tilida “godoksa” deb nomlanadi va u mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan yolg‘izlik va izolyatsiya muammosining bir qismi hisoblanadi. Muammo shu darajada jiddiyki, hukumat unga qarshi kurashish uchun barcha choralardan foydalanmoqda. Xususan, g‘ala-g‘ovurga to‘la poytaxt Seulda shahar hokimiyati ushbu haftada kelgusi besh yil ichida 451,3 milliard von (deyarli 327 million dollar) sarflab, hech kim yolg‘iz bo‘lmaydigan shahar yaratishni rejalashtirayotganini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, yangi tashabbuslar qatoriga 24/7 faoliyat ko‘rsatadigan yolg‘izlik bo‘yicha maslahatchilar, shuningdek, shu kabi maslahatlar uchun onlayn platforma ishlab chiqish choralari kiradi.
“Yolg‘izlik va izolyatsiya faqat shaxsiy muammolar emas, balki jamiyat birgalikda hal qilishi kerak bo‘lgan vazifalardir. Yolg‘iz odamlarning “davolanishiga” va jamiyatga qaytishiga yordam berish uchun barcha salohiyatimizni safarbar qilamiz”, dedi Seul hokimi O Se Xun.
Shahar, shuningdek, psixologik xizmatlarni kengaytirish va ko‘kalamzor joylarni tashkil etishni, o‘rta yoshli va qariyalarga mo‘ljallangan ovqatlanish rejalarini joriy etishni, yordamga muhtoj bo‘lgan izolyatsiyadagi fuqarolarni aniqlash uchun maxsus “qidiruv tizimi”ni va bog‘dorchilik, sport, kitob klublari kabi tashqi muhitda odamlarni bir-biriga bog‘lashga undaydigan faoliyatlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Nashrga ko‘ra, mutaxassislar bu choralarga ijobiy qarayapti, ammo ko‘proq ish qilish kerakligini ta’kidlamoqda. Chunki Koreyadagi yolg‘izlik ba’zi koreys madaniyatiga xos bo‘lgan o‘ziga xos jihatlar bilan bog‘liq va ularni o‘zgartirish qiyin.
“Hozirda yolg‘izlik katta ijtimoiy muammo hisoblanadi, shu sababli unga qarshi kurashish uchun qilingan harakat yoki siyosat albatta zarur. Ammo bu choralarning qanchalik samarali amalga oshirilishini diqqat bilan o‘ylab ko‘rish kerak”, dedi Myongji universiteti psixologiya professori An Su-Jon.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Yaponiyada yolg‘izlik masalalari bo‘yicha vazir lavozimi paydo bo‘lgan edi.
LiveBarchasi