Prezident impichmentdan qutulib qoldi. Hozircha...

Olam

Joriy haftada, aniqrog‘i 4 dekabrga o‘tar kechasi 1980 yillardan beri birinchi marta Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilinishi va buning oqibatida Seul ko‘chalarida harbiy texnikalar, osmonda esa vertolyotlar ko‘rinish berishi bilan butun dunyo e’tibori ushbu mamlakatga qaratilgandi. Harbiy holat uzoq davom etmadi. Biroq uni e’lon qilgan Prezident Yun Sok Yol buning tovonini to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda.

7 dekabrda Prezident Yun Sok Yol mamlakatda “siyosiy zilzila”ga sabab bo‘lgan harbiy holat joriy etish qarori uchun xalqdan uzr so‘radi. Bu uning mazkur voqealar boshlanganidan keyingi birinchi omma oldida chiqishi edi. Yun Sok Yol o‘z harakatlari uchun javobgarlikni zimmasiga olishga va agar jazo berilsa, undan qochmaslikka va’da berdi.

“Men harbiy holat e’lon qilish bo‘yicha harakatlarim uchun siyosiy va huquqiy javobgarlikdan qochmoqchi emasman”, dedi Prezident.

Xo‘sh, koreyaliklar uni kechirdimi? Prezident uzr bilan qutulib qola oladimi? Prezidentning “Xalq kuchi” partiyasi yetakchisi Xan Don Xunning aytishicha, Yun Sok Yolning harbiy holat e’lon qilinishi oqibatida yuzaga kelgan siyosiy betartiblik uchun ochiqdan ochiq uzr so‘ragani uning iste’foga chiqishi muqarrar ekanligini anglatadi.

Partiya yetakchisining Prezident impichmenti tarafdorimi yoki Yun Sok Yol o‘z xohishi bilan lavozimidan voz kechishni xohlaydimi? Bu hozircha aniq emas. Lekin bugun, 7 dekabrda parlamentda ro‘y bergan hodisa ikkinchisining ehtimoli katta ekanini anglatadi.

Ya’ni parlamentdagi muxolifat Prezident impichmentini ovozga qo‘yganida Xalq kuchi partiyasi deputatlari majlislar zalini tark etdi. Impichment e’lon qilish uchun Milliy Assambleya a’zolarining uchdan ikki qismi, ya’ni 200 nafardan kam bo‘lmagan deputat ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Hukmron partiya a’zolari 108 o‘ringa ega bo‘lsa, muxolifat vakillari 192 o‘ringa ega, ulardan 171 tasi Demokratik partiya a’zolari hisoblanadi. Agar parlament impichmentni qo‘llab-quvvatlasa, ushbu qaror mamlakat Konstitutsiyaviy sudiga yakuniy ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Hukmron partiya tomonidan Prezidentga impichment e’lon qilish bo‘yicha ovoz berish boykot qilinishi esa katta ehtimol bilan parlamentda ovoz berish muvaffaqiyatsizlikka uchrashini anglatadi. Bunday holda qonunchilar Yunning impichmenti bo‘yicha ovoz berishlari mumkin bo‘lgan navbatdagi sana – 11 dekabr bo‘ladi.

Ayni damda deyarli 150 ming kishi Seulda Milliy Assambleya joylashgan Yoido tumanida Yun Sok Yolning iste’fosini talab qilgan mitingda qatnashmoqda. Koreya Respublikasi Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi esa miting ishtirokchilar sonini 1 million kishi deb hisoblamoqda.

O‘z navbatida Poytaxt markazidagi Gvanxvamun maydoni yaqinida Prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi konservativ guruhlarning parallel mitingi bo‘lib o‘tmoqda. “Yonhap” manbalariga ko‘ra, uning ishtirokchilari soni 20 ming kishiga yetadi. Ayni paytda tashkilotchilar 1 million odam davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chalarga chiqqanini da’vo qilmoqda.

Xullas, olti soatga harbiy holat e’lon qilinishi oqibatida Koreyada bugun shunday siyosiy jarayonlar davom etmoqda. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzatib boring.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Impichment Yun Sok Yol' Milliy Assambleya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing