Seul Ukrainaga razvedka xodimlarini yuborishi mumkin – OAV
Olam
−
22 Oktabr
4297Janubiy Koreya hukumati va harbiylari Ukrainaga shaxsiy tarkibni, jumladan Shimoliy Koreyaga qaratilgan razvedka xodimlari va Shimoliy Koreya taktikasi bo‘yicha mutaxassislarni “jo‘natish rejasini ko‘rib chiqmoqda”. Bu haqda kecha, 21 oktyabr kuni Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib, “Newsweek” jurnali xabar berdi. Janubiy Koreyaning “NewsPim” media kompaniyasi ham transferning ehtimoliy rejalari haqida xabar berdi.
“Newsweek” nashrining aniqlik kiritishicha, agar Shimoliy Koreya askarlari Ukraina qo‘shinlari tomonidan asirga olinsa, Ukrainadagi Janubiy Koreya xodimlari so‘roq o‘tkazadi yoki ularning ko‘rsatmalarini tarjima qiladi. Shuningdek, xodimlar Kiyevga Shimoliy Koreyaning harbiy taktikasi, doktrinasi va operatsiyalari haqida ma’lumot beradi.
Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi ham kecha, 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Ukrainaga o‘limga olib keluvchi qurol-yarog‘ yetkazib berish choralarini ko‘rib chiqishi va bu borada “ochiq pozitsiya” saqlab turishini ma’lum qildi. Shu paytgacha Seul Kiyevga Rossiya Federatsiyasi bilan urushda faqat gumanitar yordam ko‘rsatgan.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte 21 oktyabr kuni Shimoliy Koreyani Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga qo‘shin yuborishdan ogohlantirdi.
"Bu sezilarli eskalatsiyani anglatadi", deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol bilan vaziyatni muhokama qilgan, undagi razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 1500 nafar askarini joylashtirgan. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular hozirda Rossiya sharqida tayyorgarlikdan o‘tmoqda va keyin Ukrainadagi front chizig‘iga jo‘natiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi ham razvedka manbalariga tayanib, Pxenyan frontga “12 ming askardan iborat to‘rtta brigada, jumladan, maxsus kuchlar bo‘linmalarini” jo‘natmoqchi ekanini xabar qilgan edi. 18 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu ayblovlarni izohlar ekan, Ryutte alyansda Shimoliy Koreya askarlarining jangovar harakatlarda faol ishtirok etishi haqidagi tasdiq haligacha yo‘qligini aytdi. Biroq u Pxenyandan Moskvaga qurol, texnologiya va yangi ishlanmalar ko‘rinishida keng ko‘lamli yordam ko‘rsatilayotganiga ishora qildi, bu esa Ukraina hamkorlari orasida xavotir uyg‘otmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni Moskvaning o‘z mamlakatiga qarshi tajovuzkor urushi avj olishining yangi bosqichi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, gap "Ukrainaga qarshi urushga boshqa davlatning amalda kirishi" haqida ketmoqda.
LiveBarchasi