Kim Chen In Ukrainaga “jangovar qullar”ni yubordi – “Bild”
Olam
−
22 Oktabr
11348Shimoliy Koreya dunyodagi eng shafqatsiz bo‘linmalaridan biri sifatida hisoblanuvchi Koreya Xalq armiyasining G‘arbiy okrug maxsus bo‘linmasi jangchilarini Ukrainadagi urushga yuborgan. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib, “Bild” nashri xabar berdi.
Nashr sharhlovchisi Peter Tide ushbu askarlarni “jangovar qullar” deb atab, ular to‘liq axborot vakuumida o‘sganini, internetga, G‘arb OAVlarga va mobil telefonlarga kirish imkoniga ega bo‘lmaganini ta’kidladi. Tidega ko‘ra, ular bolaligidan ideologik qayta tarbiyalangan, shuningdek, harbiylarda “NATO shaytonlari”ga nisbatan nafrat uyg‘otilgan va “sevimli yetakchi”ga sodiqlik o‘rgatilgan.
Qayd etilishicha, 5 oktyabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In shaxsan ushbu bo‘linma lageriga tashrif buyurgan. Uning ko‘z o‘ngida askarlar o‘z safdoshlarining ustiga qo‘yilgan beton plitalarni mushtlari va bolg‘alari bilan sindirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu askarlar guruhi ilgari Kim Chen Irni – Shimoliy Koreyaning hozirgi yetakchisining otasini qo‘riqlagan.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning 8-13 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Pxenyanga tashrifidan oldin Rossiyaga 1500 nafar Shimoliy Koreya harbiylari olib borilgan. Sun’iy yo‘ldoshlar Chxondjin va Xamxin portlaridan Vladivostokka to‘rt desant kemasi va uchta Tinch okeani floti fregatlari orqali ularning olib kelinganini qayd etgan. Keyinchalik Vladivostok va Pxenyan o‘rtasida Rossiyaning An-124 transport samolyotlari reyslari soni oshgani kuzatilgan. Ehtimol, askarlarni tashish uchun aviatsiya ham ishlatilgan.
Shuningdek, ayni vaqtda Xabarovsk yaqinidagi kazarmalarda kamida 400 shimoliy koreyalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgani aytilmoqda. Ularga soxta hujjatlar va Rossiya pasportlari berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis Rossiya Shimoliy Koreya askarlarini urushda ishtirok etish uchun jalb qilganidan so‘ng, Ukrainaning G‘arb ittifoqchilarini ham qo‘shin yuborish g‘oyasiga qaytishlari kerakligini aytgan edi.
LiveBarchasi