Seul Shimoliy Koreyani yana axlat sharlarini uchirganlikda aybladi
Olam
−
21 iyul
3927Bugun, 21 iyul kuni Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradan yana chiqindi sharlarini uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya qo‘shinlari bosh shtabi ma’lum qildi.
Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, chiqindi to‘ldirilgan sharlar Kyongido provinsiyasi tomon uchirilgan. Rasmiylar aholini yerga qulagan narsalarga tegmaslikka, sharlarni ko‘rganda huquq-tartibot idoralari yoki harbiylarga xabar berishga chaqirgan.
Ikki kun avval Seul Shimoliy Koreya chegarasi bo‘ylab karnaylar orqali xalqaro yangiliklar, demokratiya va kapitalizm haqidagi ma’lumotlar va K-pop musiqalarini eshittirishni qayta boshladi. Janubiy Koreya tomoni bu qadamni Pxenyanning havo sharlari yordamida amalga oshirayotgan yovuz, sharmandali va qo‘pol harakatlariga munosabat sifatida izohladi. Navbatdagi axlat sharlaridan so‘ng, Seul bu jarayonni yana kuchaytirdi.
Joriy yilning may oyidan beri Shimoliy Koreya janubiy chegara orqali 2 mingga yaqin havo sharlarini uchirdi, ularga axlat va go‘ng solingan qoplar yopishtirilgan. Pxenyan buni janubiy koreyalik faollarga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni tanqid qilgan varaqalar, dollar kupyuralari va mashhur K-pop musiqiy videolari va telefilmlari joy olgan USB-disklariga javob ekanligini aytdi.
Seul o‘tmishda ovoz kuchaytirgichli eshittirishlarga murojaat qilgan, biroq Koreyalararo keskinlikni yumshatish uchun 2018 yilda Pxenyan bilan kelishuvga erishgach, uni to‘xtatib qo‘ygan. Shimoliy Koreya raketa dasturini olg‘a surgani va janubiy qo‘shnisini “birinchi raqamli dushman” deb e’lon qilgani sababli pakt amalda to‘xtatildi. Iyun oyi boshida Janubiy Koreya kelishuvni to‘xtatib, demarkatsiya chizig‘i bo‘ylab harbiy harakatlar qayta boshlanganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan axlat sharlari Seulga yetib borgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi