Sergelidagi metro sentyabr oyida ochiladi

Jamiyat

image

7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosini joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani mutasaddilari, aholi vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

"Bugun bu yerga kelishimdan maqsad - koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda xalqimizni nimalar o‘ylantirayotgani, odamlar hayotini yaxshilash uchun yana nimalar qilish kerakligini birgalikda fikrlashib olish", deydi davlat rahbari.

Sergeli tumani uchun shakllantirilgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 1,8 trillion so‘mlik 61 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 5 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 22 ta loyiha bo‘yicha 83 million dollar miqdorida horijiy sarmoyalar o‘zlashtiriladi. Misol uchun, Toshkent quvur zavodida joriy yilda xitoylik hamkorlar bilan birga 85 million dollar investitsiya evaziga yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.

Chirchiq daryosining Bektemir va Sergeli tumanlaridan oqib o‘tuvchi 16 kilometrlik qismidagi o‘zanlarni 65-80 metrgacha qisqartirish orqali qo‘shimcha 565 gektar bo‘sh yer zaxirasi paydo bo‘ladi. Bu yerda yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish orqali qo‘shimcha 160 ming yangi ish o‘rni yaratish mumkin. Mutasaddilarga bu masalani atroflicha hisob-kitob qilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari kichik biznesni rivojlantirish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish zarurligini ta’kidladi.

Transport va kommunal xo‘jalik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan qiymati 83 million dollar bo‘lgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi qurilmoqda. Uni joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.

Oqova suv va isitish tarmoqlarini yaxshilash, markaziy issiqlik tizimini yopiq tizimga o‘tkazish orqali modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sergelidagi metro

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing