Serbiyada vokzalning bir qismi qulab tushdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
01 noyabr
4334Serbiyaning Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzallaridan birida beton soyabon odamlar ustiga qulab tushdi. Oqibatda 11 kishi halok bo‘lgan, 3 kishi jarohat olgan. Bu haqda "Radio-televiziјa Voј" xabar berdi.
Qayd etilishicha, Serbiyaning ikkinchi eng yirik shahri vokzalida mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida uzunligi 50 metr bo‘lgan shisha, metall va betondan yasalgan soyabon qulab tushgan. Bino 1960 yillarda qurilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda u yerda Belgrad-Budapesht yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasini qayta qurish va modernizatsiya qilish doirasida ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Shunga qaramay, Serbiya davlat korxonasi – “Temiryo‘l infratuzilmasi” bugun qulagan soyabon ta’mirlanmagani haqida ma’lum qilgan. Hozirgi vaqtda voqeaning barcha tafsilotlari va sabablari aniqlanmoqda. Hodisaning oqibatlarini bartaraf etish uchun taxminan 80 nafar qutqaruvchi va ko‘plab texnika jalb qilingan.
Mahalliy qon quyish markazi jabrlanganlar uchun aholidan qon topshirishni so‘ragan. Voqea joyiga shahar meri Milan Jurich va Serbiya Ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachich ham yetib borgan. Respublika Prezidenti Aleksandar Vuchich ham Novi-Sadga yo‘l olgan.