Serbiyada parlament Bosh vazir iste’fosini tasdiqladi
Olam
−
20 mart
1556Serbiya parlamenti mamlakat Bosh vaziri Milosh Vuchevichning iste’fosini tasdiqladi. Bu haqda kecha, 19 mart kuni RTS davlat telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, endi yangi bosh vazir va hukumat keyingi 30 kun ichida, ya’ni 18 aprel tungacha tayinlanishi kerak. Aks holda, mamlakatda muddatidan avvalgi parlament saylovlari o‘tkaziladi. Serbiya Milliy majlisi spikeri Ana Brnabichning so‘zlariga ko‘ra, bundan keyingi jarayon Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchichning zimmasida, chunki u Bosh vazir lavozimiga yangi nomzodni ilgari surishi lozim.
Qayd etish joiz, Vuchevich yanvar oxirida iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi. Bunga sabab sifatida, hukmron Serbiya progressiv partiyasi (SNS) bilan bog‘liq shaxslarning Novi-Sad shahrida talaba-aktivistlarga hujum qilgani keltirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu shaharda 2024 yil noyabrida vokzaldagi beton tom qulab, 15 kishi halok bo‘lgach, butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi.
LiveBarchasi