Serbiyada 100 mingdan ortiq kishi Prezidentga qarshi mitingga chiqdi
Olam
−
16 mart
4218Kecha, 15 mart kuni Serbiya poytaxti Belgrad shahrida 107 ming kishi hukumatga qarshi bo‘lib o‘tgan mitingga chiqdi. Bu haqda Serbiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, norozilik ko‘targanlar orasida talabalar, fermerlar, baykerlar va mamlakat qurolli kuchlari bo‘linmalari jamoalari ham bor.
“Bu miting 2024 yil noyabr oyida norozilik namoyishlari boshlanganidan beri eng ommaviysi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Namoyish mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlangan. Uni talabalar uyushmalari tashkil etib, namoyishchilarning boshqa jamoalarini ham ularga qo‘shilishga chaqirgan. Serbiya huquq-tartibot idoralari parlament binosidagi mitingga 60 mingga yaqin odam kelishini kutgan.
Ma’lum qilinishicha, miting ishtirokchilari mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi chiqmoqda va Prezident Aleksandr Vuchichdan iste’foga chiqishni talab qilmoqda. Vuchichning o‘zi norozilik namoyishlarini noqonuniy deb atagan.
Ma’lumot uchun, Serbiyada ommaviy mitinglar 2024 yil noyabr oyida Novi-Saddagi vokzalda beton soyabon qulashi oqibatida 15 kishi halok bo‘lganidan keyin boshlangan edi. Bundan biroz oldin vokzal rekonstruksiya qilingan edi. Faollar fojiada aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilgan. Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 22 dekabr kuni Serbiya poytaxti Belgrad markazida o‘n minglab odamlar Prezident Aleksandr Vuchich va uning Serbiya progressiv partiyasiga (SNS) qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ilgandi. Muxolifat yetakchilari va jamoatchilik avariya hukumatdagi korrupsiya va qarindosh-urug‘chilik sabab bo‘lgan sifatsiz qurilish oqibatida yuzaga kelganini aytib, bir necha bor ko‘chaga chiqqan. Namoyishchilar “Vuchich, o‘g‘ri!”, “Qo‘llaringda qon”, degan yozuvlarni ko‘tarib, shahar bo‘ylab harakat qilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

