Separatistlar rahbari Putindan Rossiya tarkibiga qo‘shilishni so‘radi

Olam

image

Zaporoje viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Yevgeniy Balitskiy mintaqani Rossiya Federatsiyasi tarkibiga yangi sub’ekt sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni imzoladi. Ushbu hujjat Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga yuborilgan. 

Hujjatda ta’kidlanishicha, xalq o‘z tanlovini referendumda "yot qadriyatlardan voz kechib, o‘z ona porti – Rossiya bilan birlashishga" qaror qilgan. Hujjat bugun, 28 sentyabr kuni rasmiylashtirilgan. 

Balitskiyga ko‘ra, referendum yakunlari bo‘yicha Zaporoje viloyati amalda Ukrainadan ajralib chiqqani va Rossiyaga qo‘shilish uchun ariza bergani haqida ma’lum qilgan. 

Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendum 23—27 sentyabr kunlari bir vaqtning o‘zida to‘rtta viloyat – (tan olinmagan – tahr.) Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarida bo‘lib o‘tdi. Zaporoje viloyatining Rossiya tarkibiga kirishini saylov uchastkalariga kelgan viloyat aholisining 93,11 foizi qo‘llab-quvvatlagan. 

Jahon hamjamiyati Moskva va rossiyaparast ayirmachilarning harakatlarini keskin qoralamoqda. Katta yettilik Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida dunyoning barcha davlatlari Ukrainadagi soxta referendumlar natijalarini “Rossiya bunga erisha olsa ham” tan olmaslikka chaqiradi. 

NATO, YeXHT va boshqa tashkilotlarda “referendumlar” noqonuniy deb atalgan. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi hududlarida "referendum" o‘tkazishga urinishlarni qoralab bayonot berdi. 

“Bunday noqonuniy harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaydi. Aksincha, diplomatik jarayonni jonlantirishga urinishlar qiyinlashadi”, deyiladi bayonotda. 


Maqola muallifi

Teglar

Referendum Ukrainaga bosqin Rossiya-Ukraiana urushi

Baholaganlar

131

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing