Sentyabrdan maktablar ochiladimi? XTV uch xil ssenariy taklif qildi
Jamiyat
−
05 avgust 2020
24439Sentyabrdan O‘zbekiston maktablarida yangi o‘quv yili boshlanadimi? Bu haqdagi savolga Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentiligida o‘tgan brifingda javob berdi.
Rustamovaning qayd etishicha, Xalq ta’limi vazirligi o‘z vakolatidan kelib chiqib, o‘quv yilini boshlash bo‘yicha uchta ssenariy taklif qilmoqda:
Ular quyidagicha:
1-ssenariy: Pandemiya holati barqarorlashib, maktablar odatiy tartibda o‘z faoliyatini boshlaydi. Xalqaro tajriba maktab yoshidagi bolalarga kasallik kam holatda yuqishini, bolalardan kattalarga yuqish xavfi ham kamligini ko‘rsatmoqda.
2-ssenariy: Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda bolalarda virus kechishi bo‘yicha xulosasi ijobiy bo‘lmagan taqdirda ta’lim onlayn tartibda davom ettiriladi.
3-ssenariy: Gibrid ssenariy bo‘lib, maktablar ochiladi. Faoliyat ma’lum bir hudud va maktabdagi karantin holatidan kelib chiqib olib boriladi. Bunda, dastlabki bosqichda farzandi salomatligidan xavotir olgan ota-onalarga bolani uyda onlayn o‘qitishga imkon berilishi ko‘zda tutilgan, ya’ni bolaning maktabga davomati erkin bo‘ladi.
Ushbu masala yuzasidan yakuniy xulosani O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi beradi.
Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish barcha mamlakatlar Hukumatiga videomurojaat yo‘llab, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan ta’limdagi uzilishlar yer yuzining barcha avlodlari uchun halokat bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
LiveBarchasi