Senator Pas Boliviya prezident saylovida g‘alaba qozondi

Olam

image

Boliviyada kecha, 19 oktyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida senator Rodrigo Pas Pereyra g‘alaba qildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi e’lon qildi. 

Rodrigo Pas Pereyraning g‘alabasi mamlakatda deyarli yigirma yil davom etgan chap qanot hukmronligining yakunlanishini anglatadi. Markaziy saylov komissiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, markazchilik yo‘nalishdagi xristian-demokratik partiya nomzodi taqriban 55 foiz ovoz to‘plab, “inkor qilib bo‘lmaydigan ustunlikka” ega bo‘lgan.

Ko‘p yillar davomida Boliviyaning siyosiy hayoti sobiq prezident Evo Morales va lavozimni tark etayotgan davlat rahbari Luis Arse o‘rtasidagi raqobat bilan belgilanib kelgan. Ikkalasi ham chap qanotdagi “Movimiento al Socialismo” (MAS) partiyasini namoyon qilar edi.

58 yoshli g‘olib xalq orasida shunchaki Pas nomi bilan tanilgan.

“Bugun Boliviya, ishonch bilan ayta oladi, bu yechimlar olib keladigan hukumat bo‘ladi. Boliviya qadamma-qadam xalqaro maydondagi rolini tiklaydi”, dedi u La-Pasdagi mitingda.

Uning raqibi, o‘ng konservativ “Libertad y Democracia” partiyasi vakili sobiq prezident Xorxe Kiroga Pasni tabrikladi, biroq rasmiy natijalarni kutayotganini ta’kidladi.

Evo Morales, Lotin Amerikasidagi eng taniqli chap yetakchilardan biri, konstitutsiya cheklovlari sabab yana prezidentlikka nomzodini qo‘ya olmagan, Luis Arse esa reytinglar pasayishi ortidan o‘z nomzodligini qaytarib olgan edi.

Pas noyabr oyida besh yillik muddatga lavozimga kiradi. U 1989–1993 yillarda mamlakatni boshqargan sobiq prezident Xayme Pas Samoranning Ispaniyada tug‘ilgan o‘g‘lidir. U Boliviyani chuqur iqtisodiy inqiroz holatida qabul qiladi.

Boliviyada yoqilg‘i, valyuta va dori-darmon yetishmasligi, yuqori inflyatsiya va ijtimoiy noroziliklar avjda. Germaniyadan uch barobar katta hududga ega bo‘lsa-da, mamlakatda atigi 12 million aholi yashaydi va Janubiy Amerikaning eng kambag‘al davlatlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, qishloq va mahalliy (hindular yashaydigan) hududlarda ahvol og‘ir.

Boliviya dunyodagi eng katta litiy zaxiralariga ega – bu akkumulyator va elektromobillar uchun asosiy xomashyo. Ilgarigi chap hukumatlar davrida investitsiyalar sekin o‘sgan bo‘lsa, endi nemis kompaniyalari yangi imkoniyatlardan umidvor.

“Hamma start chizig‘ida turibdi”, dedi Konrad Adenauer jamg‘armasining eksperti Kristina Shtolte.

Pas mo‘’tadil siyosat, institutsional islohotlar, iqtisodiyotni bosqichma-bosqich ochish va subsidiyalarni aniqroq taqsimlashni va’da qilgan. Tashqi siyosatda esa u barcha sheriklar bilan pragmatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish niyatida, jumladan, chap hukumatlar davrida sovuqlashgan AQSH bilan muloqotni ehtiyotkorlik bilan tiklashni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Boliviya Rodrigo Pas Pereyra

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing