Boliviyada harbiy texnika markazi portlab ketdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Boliviyaning Viyacha shahridagi harbiy texnika markazida pirotexnika vositalari portlashi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, 81 kishi jarohatlandi. Yana yetti kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, portlash joriy yilning 30 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:30 atrofida La-Pas shahridan 30 kilometr uzoqlikdagi, artilleriya polki joylashgan harbiy kazarmada sodir bo‘lgan.

Boliviya Mudofaa vaziri Ernesto Xustiniano portlashga “pirotexnik material” sabab bo‘lganini bildirgan. Rasmiylar esa qurbonlar soni ortishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, mahalliy sog‘liqni saqlash rasmiysi Rita Nebraska hodisada 10–15 kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Portlash oqibatida kazarma yaqinidagi o‘nlab uylar zarar ko‘rgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida odamlarni qidirishni davom ettirmoqda.

Shuningdek, hududda yana portlash sodir bo‘lish xavfi mavjudligi sababli aholi harbiy baza hududidan kamida 150 metr uzoqlikda bo‘lishga chaqirilgan.

Politsiya vakili Rojer Rokaning aytishicha, kazarmada mushakbozlik vositalari saqlangan. Portlashning aniq sababi hozircha aniqlanmagan.

Boliviya Prezidenti Rodrigo Pas halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. U hodisa yuzasidan “puxta, texnik va shaffof tergov” o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Viyacha shahri ma’muriyati hodisa munosabati bilan 3 kunlik motam e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiyaning markaziy qismida joylashgan Kundinamarka departamentidagi ko‘mir konida portlash sodir bo‘lib, olti nafar konchi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing