“O‘zbekni to‘y balosidan qutqaring” – Senat hamon 102 yillik qaror ustida ishlayapti

Tahlil

image

"O‘zbekni to‘y balosidan qutqaring", deganida naqadar haqli edi Abdulla Avloniy. Bilasiz, so‘nggi bir haftada O‘zbekistonda to‘y-hasham, ma’raka va marosimlar, oilaviy tadbirlarni ortiqcha sarf-xarajat va dabdabadan xoli o‘tkazish masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Aslida O‘zbekistonda Mustaqillik yillarida bunga oid Prezident qarori, Vazirlar Mahkamasi qarori, Xalq depututlari hududiy kengashlarining tavsiyalari bir necha bor qabul qilingan. Joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi va qaror bilan to‘ylarni o‘tkazishga oid yangi Nizom tasdiqlandi

QALAMPIR.UZ ushbu mavzuni atroflicha tahlil qilarkan, qo‘limizga bundan 102 yil avval, ya’ni 1917 yilda “Sho‘royi islom” tashkilotining aynan to‘y-hashamlar, ma’raka va marosimlar, oilaviy tadbirlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz o‘tkazish yuzasidan chiqargan qarornomasi kelib tushdi. Ko‘rinib turibdiki, mamlakatda hamon to‘ylardagi sarf-xarajat asosiy muammolardan biri. 102 avvalgi qarornomada o‘sha vaqtda davom etayotgan dahshatli urush, ocharchilik davrida ko‘pchilik oilalar faqirlikda kun kechirayotgani, oziq-ovqat topa olmayotgan bir paytda ayrim oilalar o‘tkazayotgan tadbir va marosimlarda isrof bo‘layotgani aytiladi. 

“Sho‘royi islom” raisi muovini Munavvarqori rahbarligida e’lon qilingan ushbu qarornomani o‘qib turib, O‘zbekiston Senati oradan 102 yil o‘tib ham odamlarning ta’lim, tarbiya, ma’naviyati yuksalishi ortidan tabiiy ravishda yo‘q bo‘lishi kerak bo‘lgan isrofgarchiliklarni taqiqlash ustida boshqa qotirayotgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi. 

Quyida 1917 yilning 27 aprell kuni “Najot” gazetasida e’lon qilingan qarornoma bilan tanishishingiz mumkin. 

“Sho‘royi islom” qarornomasi (1917 yil)

Hozirg‘i qiymatchilik va oziqsizlik shul qadar qo‘rqinchiluq darajaga bordiki, ko‘p oilalar, faqir va bechoralar pulga ham ozuq topolmasdan, ko‘chaba-ko‘cha sargardon bo‘lib, necha kunlargacha och turmoqqa majburiyat ko‘rurlar. Hozirda davom etub turg‘on daxshatliq urush, bu yilg‘i suvsizliq va chogirdka balolari bu holni minba’d yana qo‘rqinchliroq darajag‘a olib boradirg‘ong‘a o‘xshab ko‘rinadur. Turkiston musulmonlarining s’ezdi mana shu holni e’tiborg‘a olinmak oramizda bo‘lub turg‘on ba’zi bid’at va isrofot ishlarini, chunonchi, to‘y, ma’raka, gap, bazm, yalochi, qozoqlar orasidagi uloq, poyga va janoza bo‘ladurg‘on isrofotni bilkulliya barham bermoqg‘a qaror berdi.

“Sho‘royi islomiya”ning 12 aprelda voqe’ umumiy majlisida Toshkandning qozilari va ulamolari ham bu ishning aksarini shariatga xilof topdilar va o‘z oralarindan bir komissiya saylab, to‘y va ma’rakalarini shul komissiyalarg‘a topshurdilar.

Birinchi. Janoza kuni imom va ulamolarg‘a yirtish va choponlar ulashmoq, qarindosh-urug‘larg‘a qora kiyimliklardek nimarsalar bermoq, yug‘uchi va otunlarg‘a ijroyi xizmatlaridan ziyoda har xil kiyimlar bermoq, otunlar kelib tovush chiqorib o‘qimoq, sadr qilmoq, xotunlarg‘a ulashiladig‘on yetti, gul, qovoq oshi, qor yog‘di, laylak keldi, qovun-tarvuz, yigirma, qirq, hayit, fotiha va yil oshidek xalqa osh beriladurg‘on isrofdir; qozoqlar orasidagi yil oshi, poygalar va ahli kasabalar tarafidan arvoh, pari ismi bilan beralidurg‘on osh va ziyofatlarni yo‘q qilindi va bular badalig‘a janoza kuni davlatlik kishilar ulamo-imomlarg‘a pul berish, xayrot qilmoqlari ham yuqorida mazkur ma’raka kunlarida mahalladan uch-to‘rt kishi chaqirib, xatmi Qur’on qildirmoqlari mumkindir.

Ikkinchi. Qiz to‘ylarida sovchigarchilik, patir, kichik to‘y, qozon qaytarish, katta to‘y, bazm va kecha isroflari va yuz ko‘rar, hayitlarda mol yoyib, kelin ko‘rmoq, qiz oshi bermoq va nikoh kunlarida yalochilar o‘ynamoq, yor-yor aytmoq, xotunlarning har birig‘a alohida non va oshlar tortmoq, “to‘qqiz-to‘qqiz”, sandug‘larda churib ketadurg‘on gulko‘rpa, falak, ko‘rpalardek foydasiz mollar, ko‘chalardin miyoncha ko‘tarib yoki aroba va tuyalarga g‘alla va boshqa xil narsalar ortib to‘y yubormoq, qozoqlardagi qalin olmoq va shunga o‘xshash isrofot va bid’atlar bilkulliya mamnu’dir. Bunlar o‘rnig‘a kelin va kuyov taraflari kiyim va zaruriyat uy asboblari to‘g‘risinda pul ila bitishsunlar, ham nikoh kuni kuyov o‘zi oshnalari va mahalla kishilari birlan bekarnay, faqat surnay bilan borub, nikoh qilurlar va kelin taraf o‘z qarindoshlari birlan kelinni olib borurlar. Faqat kuyov ila boradurg‘on kishilarning yigirma- qirq kishidan oshmasligi lozimdur. Chorlari ham martaba kuni bo‘lib, kuyov ila birga boradurg‘on kishilardin kelin ila boradurg‘on xotunlar ham o‘n kishidan ortuq bo‘lmasun. Chorlari faqat taom yemoq uchungina bo‘lib, tugib olib ketmoqlari va yana beshik to‘yi, chillagarizonlar butunlay yo‘qolib bitsunlar.

Uchinchi. O‘g‘il to‘yida atrofdagi mahallalardan odamlar chaqirub, osh bermoq, uloq bermoq, xotun oshi bermoq, xatna qilinadurg‘on bolalarga nasha va ham ko‘chaba-ko‘cha sargardon qilib, oqcha yig‘moq va shunlarg‘a o‘xshag‘on isroflar bilkulliya mamnu’dir. Faqat davlatlik kishilar ulamo va imomlarni chaqirub, kichikroq bir mavlud majlisi yasab va faqir kishilar mahalladan uch-to‘rt kishinigiga chaqirub, o‘g‘illarini xatna qildirurlar.

“Sho‘royi islomiya” davlatlik kishilardin iltimos qiladurki, mavlud majlisini ham ko‘b katta yubormasdan, mumkin qadar qasdi rioya qilsalar (tejab sarf qilsalar) ham to‘yda… pul va g‘alla sarfi mahallaridag‘i och va yalang‘och, beva-bechoralarg‘a, maktab va madrasa va “Jamiyati xayriya”larg‘abersalar.

Ushbu tartibg‘a muxolifat qilg‘on kishilarning ma’raka va to‘ylari to‘xtamli va aybnoma (protokol) yozub, qozilarg‘a topshurmoq va shahar boshluqlarig‘a havola qilinadi. Bunday kishilarg‘a ittifoqi musliminni bu kim omilini va shar’an harom bo‘lg‘on isrofgarchilig‘ini belgi uchun muhtaram qozilar shariatg‘a muvofiq qattig‘ jazog‘a mustahiq qiladurlar. Muhtaram mahalla imomlari va mahalla komitetlaridan iltimos qiladurki, ushbu e’lonnomani xalqqa tushuntirib, xalqni ushbu tartibdan chiqmasligiga targ‘ib va tashviq qilsalar edi. Chunki janobi Haq ta’oliy isrof qilg‘uvchilarni suymas.

“Sho‘royi islom” raisi muovini

Munavvarqori

Komissiyalar:

Mullo Said Ahrorxon mahzum,
Mullo Murodxo‘ja eshon,
Mullo Abdusa’me’ qori.

“Najot” gazetasi, 1917 yil, 27 aprel 

*Tez orada yuqorida ko‘tarilgan savollarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati rahbariyati bilan o‘tkaziladigan intervyuda javob olishga harakat qilamiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Senat to'y

Baholaganlar

69

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing