Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlisi qachon chaqirilishi aytildi
Jamiyat
−
16 noyabr
2563Bugun, 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolarini ro‘yxatga olishga bag‘ishlangan majlisida Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarini Toshkent shahrida joriy yilning 18-19 noyabr kunlari chaqirilishi belgilandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.
Majlisda Prezidentning 2024 yil 14 noyabrdagi PF–187-son farmoniga asosan tayinlangan Oliy Majlis Senati a’zolari ro‘yxatga olingan. Bundan tashqari, joriy yilning 7-12 noyabr kunlari Senat a’zolarini saylash bo‘yicha o‘tkazilgan mahalliy kengashlarning qo‘shma majlislari bayonnomalari muhokama qilinib, ular asosida Senat a’zolarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Konstitutsiyasining 96-moddasiga muvofiq, 18 noyabr kuni Qonunchilik palatasining va 19 noyabr kuni Senatning birinchi majlislarini Toshkent shahrida chaqirilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, yangidan shakllangan Senatning sifat tarkibi quyidagicha:
- senatorlarning 26,4 foizini xotin-qizlar tashkil etdi;
- 1 nafari – 30 yosh, 41,6 foizi – 40 yoshdan 60 yoshgacha, 56,6 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etdi;
- 98,3 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, 31,6 foizi ilmiy darajaga ega;
- senatorlarning 25 foizi – iqtisodchilar, 13,3 foizi – huquqshunoslar, 26,6 foizi – pedagoglar, 13,3 foizi – muhandislar, 5 foizi – tibbiyot sohasi vakillari, 16,8 foizini esa – madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati a’zolarini tayinlash to‘g‘risida farmonni imzolagandi. Shunga asosan, 9 nafar senator tayinlangandi.
LiveBarchasi