Senat O‘zbekistonning 2026 yilgi davlat byudjetini ma’qulladi

Jamiyat

image
2026 yilgi davlat byudjeti: kim qancha pul oladi? north_east

2026 yilgi davlat byudjeti: kim qancha pul oladi?

Bugun, 18 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, mazkur qonunning maqsadi 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Senatorlar 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetida aholi turumush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovini kengaytirish va sifatli ta’limga ega bo‘lish kabi ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilganini ta’kidlagan.

Jumladan, davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki 220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ta’lim sohasi uchun 100 trln so‘m nazarda tutilgan, tibbiyot sohasiga esa 49 trln so‘m yoki joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda. Qonunga asosan kelgusi yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2026 yilda davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln so‘mni, daromadlari esa 368,9 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari esa 78,6 trln so‘m, xarajatlari 74,4 trln so‘m (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) miqdorida rejalashtirilmoqda.

Xususan, mazkur qonunda 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlar esa 567,6 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan. Bunda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi vazifasi nazarda tutilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish va byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratgan. Senatorlar o‘z chiqishlarida 2026 yilda makroiqtisodiy siyosat sohasida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etgan.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Senati davlat byudjeti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing