Endi tadbirkorlarga yangi talab qo‘yishdan oldin ularning fikri so‘raladi
Jamiyat
−
14:34 826 2 daqiqa
Joriy yilning 8 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida Senat tadbirkorlarga yangi majburiyat yoki cheklov qo‘yishda ularning fikrini hisobga olish hamda biznesni subsidiya va davlat grantlari orqali qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga tadbirkorlarning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etishi kafolatlarini belgilashga oid yangi norma kiritilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tartibga solish ta’sirini baholash hisoboti bevosita tadbirkorlik sub’ektlarining hamda ular birlashmalarining ishtirokida muhokama qilinishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, yashil texnologiyalar, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy tadbirkorlik va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun subsidiyalar berish, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik hamda innovatsion loyihalarni davlat grantlari asosida moliyalashtirishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur huquqiy hujjat tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini yanada kengaytirish hamda tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bildirilishicha, muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining mazkur yalpi majlisida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning pensiyasini hisoblashning eng yuqori miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirishni nazarda tutuvchi “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullangandi.
Live
Barchasi