Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi

Jamiyat

image

Bugun, 9 iyul kuni Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqildi hamda maqullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, uning faoliyatini tartibga soluvchi asosiy prinsiplar, boshqaruv tizimi, vakolatlari, shuningdek, institutsional tuzilmasi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, moliya markazi hududida investorlar uchun huquqiy barqarorlik va ishonchli sud himoyasini ta’minlashga qaratilgan normalar ham Qonunda o‘z aksini topgan.

Senatorlar moliya markazi ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tgan. Jumladan, ushbu markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutada hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish vizalar olishda soddalashtirilgan maxsus tartiblar belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, muhokama davomida qonunning ayrim normalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, Toshkent xalqaro tijorat sudining har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqlashtirish kabi masalalarni qayta ko‘rib chiqish lozimligiga e’tibor qaratilgan.

Qizg‘in muhokama natijasida Konstitutsiyaviy qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborish, senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda uni qayta ishlash maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelingan.

Muhokama yakunida esa Senatning ushbu Konstitutsiyaviy Qonunni takomillashtirish yuzasidan qarori qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, mazkur Konstitutsiyaviy qonun Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilinib, takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan birga Qonunchilik palatasiga yuborilgan.

Aslida, joriy yilning mart oyidanoq Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan edi. Xususan, 2026 yil 25 mart kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.

Taqdimotda davlat rahbariga bildirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Shundan so‘ng, “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni 2026 yil 30 mart kuni imzolangandi.

Joriy yil 17 iyun kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish va sarmoyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishini ma’lum qilgandi. Unda markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari 50 yil muddatga amal qilishi bildirilgandi.

Shuningdek, markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanishi va uning ishtirokchilari uchun jozibador soliq rejimi joriy qilinib, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda bojxona bojlari nol foiz etib belgilanishi aytilgan edi.

Keyinchalik markaz fikri Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Buyuk Britaniyaning Investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri, lord Jeyson Stokvud boshchiligidagi delegatsiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing