Saida Mirziyoyeva dunyoning yirik investitsiya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-York BlekRok (BlackRock) rahbariyati – kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Danilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, muloqot davomida 2027 yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilingan.

Prezident Administratsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, BlekRok ushbu Toshkent xalqaro moliya markazi konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.

Shuningdek, AQSH ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyoning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.

“O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, BlekRok (BlackRock) dunyodagi eng yirik xalqaro investitsiya va aktivlarni boshqarish kompaniyalaridan biridir. Kompaniya so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan ham faol aloqalar o‘rnatmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va BlekRok o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik yuzasidan kelishuvlar imzolangan. Shuningdek, respublikadagi qator yirik korxonalar kapitaliga kirish, sun’iy intellekt (SI), ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) va barqaror rivojlanish loyihalarida qatnashish rejalashtirilgan. 

Global Infrastructure Partners (GIP) esa eng yirik va nufuzli mustaqil infratuzilma fondlarini boshqaruvchi investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, BlekRok kompaniyasi GIP'ni 12,5 milliard dollarga sotib olgan va bu kelishuv 2024 yil oxirida to‘liq yakunlangan. Hozirda u BlekRok tarkibidagi alohida yirik bo‘linma sifatida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google kompaniyasi vitse-prezidenti Karan Bxatiya bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing