Senat Toshkentdagi mahalladan badbo‘y hid kelishi sabablarini o‘rgandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Avvalroq Toshkent shahrining Sergeli tumani O‘zgarish mahallasida uzluksiz yoqimsiz hid kelayotgani haqidagi shikoyatlar kelib tushayotgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan shu kunning o‘zida nazoratga olinib, dastlabki o‘rganish ishlari olib borildi.

Senat Matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur holatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatda o‘ta kuchli bo‘lgan badbo‘y hid Salar suv tozalash inshooti  birinchi quvurining kirish qismidagi oqova suvlardan chiqayotgani ma’lum bo‘lgan. Mexanik tozalashdan so‘ng oqova suvlar ochiq lotok orqali 500 metr masofada biologik tozalash inshootiga oqib borish jarayonida biologik tozalash inshootidan shamol esgan tomonga badbo‘y hidlar tarqaladi. Buning oqibatida badbo‘y hidlar shu atrofdagi aholi yashash sharoitiga zararli ta’sir qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, “Salar” tozalash inshootiga 533 ta korxonaning ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan oqova suvlari tashlanadi. Shulardan “Toshkent shahar suv ta’minot” MCHJ tomonidan noxush hidlarning chiqishiga sabab bo‘lib kelayotgan potensial xavfli korxonalar ro‘yxati taqdim qilingan va ular soni 18 tani tashkil qilgan.

Jumladan, 5 ta charm sanoati, 6 ta to‘qimachilik korxonalari va boshqalar. Ushbu 18 ta ishlab chiqarish korxonalarida tekshiruvlar amalga oshirish maqsadida, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishuv asosida o‘rganish ishlari boshlab yuborilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha nosoz lokal tozalash inshootlari aniqlangan korxonalarda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar kanalizatsiya tarmog‘idan uzib qo‘yish choralari ko‘riladi.

Mazkur korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, shuningdek 5 ta charm sanoat korxonalarni Toshkent shahar hududidan tashqariga ko‘chirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi  tayyorlanmoqda.

O‘rganish natijalari yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Sergeli

Baholaganlar

104

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing