Senat QALAMPIR.UZ jurnalistiga nisbatan tuhmatga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
9482Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri Feruza Najmiddinova haqida yolg‘on axborotlar, behayo videorolik uning suratlari bilan montaj qilinib tarqatilayotgani va bu tuhmat ekani haqida bayonot bergan edik.
Holat bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergovga qadar o‘rganishni boshladi va buni Ichki ishlar vazirligi o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.
Jurnalist Feruza Najmiddinovaning sha’nini bulg‘ash, uni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatilgan video bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ham munosabat bildirdi.
“O‘z navbatida, ushbu holat ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyatiga, shu bilan birga jamiyatda faol, axborot makonida o‘z o‘rniga ega jurnalist bo‘lgan xotin-qizlarimizning sha’ni, qadr-qimmatiga salbiy ta’sir etuvchi harakat va ular faoliyatiga tahdid sifatida baholanib, holat adolatli o‘rganilishi Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olindi.
O‘rganish natijalari yuzasidan batafsil axborot beriladi”, deyiladi Senat Axborot xizmati tomonidan berilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Feruza Najmiddinova 2019 yildan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat yuritib kelmoqda. U oliy ma’lumotli, oilali. 2021 yilda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan. U haqidagi bo‘htonga to‘la video Feruza Najmiddinovaning QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Tashkent City”dagi restoranlarning “tanka”si bormi? Maxsus komissiya qarori nega ishlamayapti?” nomli reportajidan bir kun o‘tib, 7 avgust kuni tarqatildi.
LiveBarchasi