Senat muxolifat to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
25 iyun 6215 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni Senatning sakkizinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Ushbu qonun bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasining yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish kabi qo‘shimcha huquq beriladi.
Shuningdek, ushbu fraksiyaning vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda “hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida masala kiritishi ham nazarda tutilmoqda.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Qonunchilik palatasi yalpi majlisida partiyasini parlamentdagi muxolifat, deb e’lon qilgandi.
Dilshod Hakimov
Live
Barchasi