“Semiz cho‘chqalar partiyasi”. Mask Tramp bilan yana janjallashdi
Olam
−
01 iyul 12833 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va milliarder Ilon Mask orasidagi mojarolar yana alangalandi. Bu safar ularning tortishuvi Tramp ilgari surgan yangi byudjet qonun loyihasi tufayli yuzaga keldi. Mask X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Prezidentni keskin tanqid qildi.
“Ushbu qonun loyihasi bo‘yicha aqlga sig‘maydigan xarajatlar inobatga olinsa, biz aslida bitta partiyali mamlakatda yashayapmiz – bu semiz cho‘chqalar partiyasi”, deb yozdi u.
Maskning aytishicha, AQSHda xalq manfaatlarini himoya qiladigan yangi siyosiy partiya tuzish vaqti kelgan.
Donald Tramp esa oldinroq o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida Maskni eslatib o‘tib, u davlatdan olgan subsidiyalar evaziga tirikligini bildirgan.
“Mask meni prezidentlik saylovida qo‘llab-quvvatlashidan ancha oldin ham men majburiy elektromobil siyosatiga qarshi chiqqanman. Elektromobillar yomon emas, lekin odamlarni ularni olishga majburlash kulgili. Ilon tarixdagi eng katta subsidiya olgan inson bo‘lishi mumkin. Agar subsidiyalar bo‘lmaganida, u allaqachon o‘z do‘konini yopib, Janubiy Afrikaga qaytib ketgan bo‘lardi”, deb yozdi Tramp.
U hatto hazil aralash tarzda shunday deya qo‘shimcha qilgan:
“Agar Maskning faoliyatini to‘xtatsak – raketa uchirish, sun’iy yo‘ldoshlar, elektromobil ishlab chiqarish – mamlakat katta miqdorda mablag‘ tejaydi. Balki DOGE'dan bu borada jiddiy tekshiruv o‘tkazishni so‘rashimiz kerakdir?”
Mojaroning sababi
Trampning Ilon Mask qarshi chiqayotgan “One Big Beautiful Bill” nomli byudjet qonuni katta miqdordagi soliq imtiyozlarini o‘z ichiga oladi va davlat qarz limitini 5 trillion dollarga oshirishni nazarda tutadi. Shuningdek, Maskdan tashqari olti nafar Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan iqtisodchilar ushbu qonun loyihasiga qarshi ochiq xat yozib, uning oqibatlari borasida xavotir bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyining oxirida Ilon Mask o‘zining hukumat bilan bog‘liq lavozimini tark etganini e’lon qilgan va Trampga minnatdorlik bildirgan edi. Tramp ham javob tariqasida unga minnatdorlik bildirgan. Ammo Mask lavozimidan ketgach, Trampning qonun loyihasiga bo‘lgan tanqidlarini keskinlashtirdi.
Ushbu mojaro davomida Mask Trampga impichment e’lon qilish va hokimiyatni vitse-prezident Jey Di Vensga topshirish taklif etilgan postni ham retvit qilgan. OAV xabariga ko‘ra, bu janjal ortidan Ilon Mask bir kun ichida taxminan 34 milliard dollar boyligini yo‘qotgan. Keyinchalik, Mask ijtimoiy tarmoqlarda post qoldirib, Tramp bilan ziddiyatga kirishganini “xato” deb tan oldi. Rossiya Davlat Dumasi spikerining o‘rinbosari, “Yangi odamlar” partiyasi vakili Vladislav Davankov esa Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Ilon Mask Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan siyosiy boshpana so‘raganini aytdi.
Live
Barchasi