Selin Dionning ahvoli yomonlashdi. Qo‘shiqchiga vujudi bo‘ysunmayapti
Madaniyat-san’at
−
20 dekabr 2023
10525“Titanik” filmi uchun kuylangan “My Heart Will Go On” nomli qo‘shig‘i bilan dunyoga tanilgan kanadalik xonanda Selin Dion mushaklarning qotib qolishi sindromi tufayli tanasi ustidan nazoratni yo‘qotdi. Bu haqda uning singlisi Klodett "7 Jours" dasturida aytib o‘tdi.
Klodettning so‘zlariga ko‘ra, Selin Dion og‘riqli spazmlar tufayli o‘z harakatini boshqara olmaydi. Xonandaning sahnaga qaytishi haqida hozircha gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.
"U doimo intizomli va mehnatkash bo‘lgan hamda sahnaga qaytishni orzu qilgan. Ammo hozir bu haqda o‘ylash ham og‘ir", degan mashhur saundtrek ijrochisining singlisi.
Dionning xastaligi juda kam uchraydi va kam o‘rganilgan, shuning uchun bunday kasallikka chalingan ko‘plab odamlar allaqachon normal hayotga qaytish va tuzalishdan umidini yo‘qotgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Selin Dionga qattiq mushak sindromi deb ataladigan nevrologik kasallik tashxisi qo‘yilgandi. Bu markaziy asab tizimiga ta’sir qiluvchi, nazoratsiz, og‘riqli mushaklarning spazmlarini keltirib chiqaradigan kasallik. 2023 yilning may oyida Selin Dion davolanish uchun 40 ga yaqin konsertini bekor qilgan.
LiveBarchasi