“Titanik” saundtrekini kuylagan Selin Dion og‘ir xastalikka yo‘liqdi

Madaniyat-san’at

image

“Titanik” filmi uchun kuylangan “My Heart Will Go On” nomli qo‘shig‘i bilan tanilgan kanadalik xonanda Selin Dion kecha, 8 dekabr kuni o‘zining Instagram sahifasi orqali kuzatuvchilariga ingliz va fransuz tillarida videomurojaat yo‘llab, og‘ir va kamyob xastalikka chalinganini ma’lum qildi.

“Men uzoq vaqt davomida sog‘lig‘imdagi muammolar bilan kurashdim. Yaqinda menga tashxis qo‘yishdi va bu kamyob, asab kasalligi ekani ma’lum bo‘ldi. Bu “Qattiq mushaklar sindromi” bo‘lib, mendagi barcha jismoniy noqulayliklarning sababchisi mana shu xastalik ekan. Afsuski, bu noqulayliklar mening kundalik hayotimdagi har bir jabhaga ta’sir qiladi. Ba’zida yurish qiyinlashadi va avvalgidek qo‘shiq aytish uchun ovoz paychalarimdan foydalanishga to‘sqinlik qilyapti”, deydi u.

Ushbu kasallik sabab Selin Dion Yevropada 2023 yilning bahor va yoz oylarida rejalashtirilgan “Courage” nomli konsert dasturlarini bekor qilgan.

“Men barcha muxlislarimni va sahnani juda sog‘indim. Men hamisha sahnaga chiqqanimda 100% kuchimni sarflaganman. Ammo endilikda men bor diqqatimni qayta tiklanishga qaratishim kerak. Afsuski, men fevral oyidan e’tiboran Yevropa bo‘ylab rejalashtirilgan konsertlarimni davom ettirolmayman”, deb ta’kidlaydi xonanda.

Xonandaga ko‘ra, u sahnaga qaytish orzusida farzandlari va shifokorlar yordamida muolajalarni davom ettirmoqda.

“Men bilan ajoyib shifokorlar jamoasi ishlamoqda va ular kasallikni yengishimda yordam beryapti. Shuningdek, qadrli farzandlarim meni qo‘llab-quvvatlamoqda. Men har kuni o‘z terapevtim bilan birgalikda sport bilan shug‘ullanyapman. Bu haqiqiy kurash. Men sizlarning iliq tilaklaringiz, muhabbatingiz va qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Bu men uchun juda ahamiyatli. Men tez orada yana o‘z muxlislarim bilan ko‘rishaman degan umiddaman”, deydi Dion.

Ma’lumot o‘rnida, Selin Mari Klodett Dion 1968 yilning 30 mart kuni Kanadaning Kvebek shahridagi fransuz oilasida dunyoga kelgan.

Uni 12 yoshida akasi ovoz yozish studiyasiga olib boradi. Selin 13 yoshida kuylagan fransuz tilidagi qo‘shiq keyinchalik u yashagan shaharda ommalashib ketadi. 14 yoshida esa Yaponiyada o‘tkazilgan musiqiy festivalda ishtirok etgan xonanda “Eng yaxshi ijrochi” mukofotini qo‘lga kiritadi.

20 yoshida “Yevronigoh” tanlovida Shveysariya nomidan qatnashgan Selin Dion oltin medalni qo‘lga kiritgan. 1990 yildan e’tiboran ingliz tilida qo‘shiqlar kuylashni boshlagan Selin Dionga Amerikada yulduzlik sari eshiklar ochiladi.

Xonanda 1994 yilda o‘zidan 26 yosh katta musiqiy studiya menejeri Rene Anjelilga turmushga chiqadi. Juftlikning uch nafar farzandi bo‘lib, uning turmush o‘rtog‘i 2016 yilda o‘simta kasalligi sabab vafot etgan.

Qattiq mushaklar sindromi

Ushbu sindrom 1956 yilda aniqlangan bo‘lib, uning kelib chiqish sabablari to‘laligicha ochilmagan. Ushbu xastalikka uchragan bemorlarda mushaklar taranglashuvining me’yoridan ortiq ravishda kuchayishi, jismoniy harakatlarning og‘riqli darajaga chiqishiga olib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Titanik sindrom Selin Dion xastalik

Baholaganlar

574

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing