Jangovar kemalardan tortib, yuk tashuvchilargacha: suv tubida saqlanib qolgan kema qoldiqlari

Bu qiziq

image

Yer yuzasining 71 foizini suv, 29 foizini esa quruqlik tashkil etadi. Birgina shu faktning o‘zi okean va dengiz-u daryolar tubida qanchalik katta tarix va sirlar yotganini isbotlaydi.

Suv ostida bir olam borki, o‘z tadqiqotchisini kutmoqda, bu – cho‘kib ketgan kemalar olami! Biz bilgan “Titanik” bu olamning bir bo‘lagi, xolos. Tadqiqotchilarga ko‘ra, dengiz tubida 3 milliondan ortiq kema qoldiqlari mavjud. Maqolada shunday kemalarning bir qanchasi bilan tanishamiz.

“Titanik” – suv tubiga g‘arq bo‘lgan “cho‘kmas afsona”

1912 yil aprel oyida “cho‘kmas” deb e’lon qilingan hashamatli suzuvchi saroy – “Titanik” safarga otlandi. Ammo ilk sayohatining to‘rtinchi kunida afsona fojia bilan yakun topdi. Kema aysberg bilan to‘qnashib, muzdek Atlantikaga cho‘kdi va 1 ming 500 dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumdi. Bu – fojiali yakun, biroq hikoya shu bilan tugamadi. “Titanik”ning “ruhi” hali ham suv ostida yashab kelmoqda.

1985 yilda 3 810 m chuqurlikda topilgan kema qoldiqlari hozirda yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Olimlar bir qancha bakteriyalar tufayli u 2030 yilgacha to‘liq zanglab ketishi mumkinligini aytmoqda.

Ha, bu kema haqidagi mashhur filmni ko‘rganmiz. Ammo haqiqiy hikoya dengiz tubida hamon davom etmoqda. “Titanik” cho‘kib ketgan nuqtani havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

“Arizona” (USS Arizona) – yaponlar bombardimoni qurboni

Tinch okeani suvlari tubida Ikkinchi jahon urushi davrida hujumga uchragan “Arizona” kemasining qoldig‘i yotibdi, hozirda cho‘kkan jangovar kema muqaddas qabrga aylangan. 1941 yil 7 dekabr tongida yapon bombardimoni kema qoplamasini yorib o‘tib, ulkan portlashga sabab bo‘ladi. Oqibatda 1 177 askar halok bo‘ladi, ularning ko‘pchiligining qoldiqlari hali ham kema ichida.

Bugunga kelib, “USS Arizona Memorial” har yili 2 milliondan ortiq sayyohni qabul qiladi. Ikkinchi jahon urushiga oid ushbu kema qoldig‘i qayerda ekaniga qiziqsangiz, havola ustiga bosing.

“Tistlegorm” (SS Thistlegorm) –  Ikkinchi jahon urushi suvosti muzeyi

“Tistlegorm” 1940 yilda ishga tushirilgan Britaniya yuk kemasi bo‘lib, 1941 yilda Qizil dengizda nemis bombardimoni oqibatida cho‘kib ketgan. U Britaniya qo‘shinlari uchun harbiy yuklar (tank, mototsikl va miltiq kabi)larni olib ketayotgan edi.

1950 yillarda mashhur sarguzashtchi Jak-Iv Kusto tomonidan topilgan bu kema hozir suvosti muzeyiga aylangan. G‘avvoslar u yerda saqlanib qolgan etiklar, poyezd vagonlari va boshqa narsalarni ko‘rishi mumkin. Sayyohlar soni oshgani sari, kelajak avlod uchun bu urush yodgorligini saqlab qolish maqsadida himoya ishlari olib borilmoqda.

“Vaza” (Vasa) – shvedlar omadsizligi

1628 yilda cho‘kkan shved harbiy kemasi “Vaza” ilk safariga chiqqanidan atigi 1 300 metr o‘tib ag‘darilib ketgan. Haddan ortiq ko‘p bronza to‘plar yuklanishi oqibatida muvozanatni yo‘qotgan kema Stokgolm portida suvga cho‘kkan.

Ammo kutilmagan holat shuki, 1961 yili kema qoldiqlari topilganida “Vaza” Boltiq dengizining sho‘r-aralash suvlari tufayli xuddi kecha cho‘kkandek yaxshi saqlangani aniqlangan. Bugungi kunda bu qadimiy kema muzeyda saqlanadi va millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Ko‘pchilik bilmaydiki, namoyish etilgan kemaning 95% qismi asl holatda saqlanib qolgan.

“Indianapolis” (USS Indianapolis) – akulalar to‘la dahshat

1945 yil 30 iyul kuni AQSHning “Indianapolis” kemasi Yaponiya suvosti kemasi tomonidan urilib, atigi 12 daqiqada cho‘kkan. Kema cho‘kkanidan so‘ng, 1 200 kishidan taxminan 900 nafari omon qolgan, ammo ular to‘rt kun davomida akulalar, suvsizlik va ochlik bilan kurashgan va yakunda 316 kishi tirik qolgan.

Ushbu kema ekipajiga achinishni ham bilmaysan, kishi. Chunki ular Yaponiyada portlatilgan yadroviy qurollar uchun xizmat qilgan edi.

Kema qoldig‘i 2017 yilda Pol Allen boshchiligidagi jamoa tomonidan Tinch okeanining 5 ming 500 metr chuqurligidan topilgan.

“Britannik” (HMHS Britannic) – “Titanik”dan ham katta kema

“Titanik”dek mashhur emas, ammo undan ham kattaroq “Britannik” suv tubidagi eng dahshatli kema qoldiqlaridan biri sanaladi. Birinchi Jahon urushi davrida suzuvchi shifoxonaga aylantirilgan bu kema 1916 yilda Gretsiyaning Kea oroli yaqinida nemis minalariga urilib, bir soat ichida cho‘kib ketgan.

30 kishi halok bo‘lgan, biroq “Titanik”dan keyingi yaxshilangan qutqaruv tizimi tufayli mingdan ortiq odam omon qolgan.

Bugungi kunda Egey dengizining 400 fut chuqurligida yotgan “Britannik” eng yaxshi holatda saqlanib qolgan kemalardan biri sanaladi. Uning ham qoldig‘ini 1975 yilda Jak-Iv Kusto topgan. Qiziqarli fakt: Vayolet Jessop ismli kishi “Titanik” halokatidan ham, “Britannik” halokatidan ham omon qolgan. Kusto hayratda!

“Vilgelm Gustloff” (MV Wilhelm Gustloff) – unutilgan fojia

Ilgari natsistlarning dam olish kemasi bo‘lgan “Vilgelm Gustloff” 1945 yil 30 yanvarda tarixdagi eng yirik dengiz halokatiga uchradi. Sovet qo‘shinlaridan qochayotgan tinch aholi va yarador askarlardan iborat 10 mingdan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan kema Sovet Ittifoqining S-13 suvosti kemasi tomonidan cho‘ktirilgan. Oqibatda taxminan 9343 odam halok bo‘lgan, bu “Titanik” va “Luzitaniya” halokatlarining umumiy qurbonlaridan ham ko‘p.

Bugun Polsha sohillari yaqinida 50 metr chuqurlikda yotgan bu kema “urush qabristoni” deb tan olingan va g‘avvoslar uchun yopiq. Garchi u tarixdagi eng katta dengiz fojiasidan biri bo‘lsa-da, bu hodisa urush davri siyosati va boshqa voqealar fonida unutilgan.

“Chuuk” lagunasi suvidagi “Arvohlar floti”

Tinch okeani suvlari ostida joylashgan “Chuuk” laguna (sayoz suv havza)si “Arvohlar floti” deb nom olgan, chunki bu yerda Ikkinchi jahon urushi davrida 1944 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan AQSHning “Operation Hailstone” hujumi oqibatida cho‘kkan 60 dan ortiq yapon harbiy kemalari yotibdi. Bu vayronkor hujum Yaponiyaning kuchli dengiz bazasini dunyodagi eng yirik suvosti kema to‘plamlaridan biriga aylantirdi.

Bugun g‘avvoslar bu joylarda saqlanib qolgan gaz niqoblari, tanklar va hattoki jangovar samolyotlar kabi artefaktlarni uchratadi. Ikkinchi jahon urushida yo‘qotilgan bu kemalar hozirgi kunda haqiqiy suvosti muzeyini tashkil etadi.

“Richard Montgomeri” (SS Richard Montgomery) – portlashi mumkin bo‘lgan vaqt bombasi

Ikkinchi jahon urushi davridan yana bir yodgorlik “SS Richard Montgomery” kemasi Angliyaning Shirnessa shahri yaqinidagi Temza qo‘ltig‘ida xavfli holatda yotibdi. Kema 1944 yilning avgustida 1 400 tonna o‘q-dorilarni Fransiyaga olib ketayotganda cho‘kib ketgan. Qutqaruv ishlari olib borilganiga qaramay, undagi portlovchi yuklar hozirgacha suv ostida saqlanib qolgan.

Hayratlanarlisi shundaki, kema ustunlari hanuzgacha suv yuzasidan ko‘rinib turadi. Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar o‘q-dorilar portlasa, katta to‘lqin yaqin atrofdagi aholi punktlariga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

“Erebus” va “Terror” (HMS Erebus and HMS Terror) – muzliklar orasida yo‘qolganlar

1845 yilda Ser Jon Franklin 129 kishi bilan birga “Erebus” va “Terror” kemalarida Shimoliy-G‘arbiy yo‘lni topish uchun Arktikaga yo‘l oladi. Ammo ikki kema ham g‘oyib bo‘ladi va bu ekspeditsiyaning taqdiri 170 yildan ortiq vaqt davomida sir bo‘lib qoladi. Nihoyat 2014 va 2016 yillarda kemalar King-Vilyam oroli yaqinida topildi.

Hayratlanarlisi shundaki, ular muz ostida a’lo darajada yaxshi saqlanib qolgan edi. Tadqiqot ishlari davomida kesilgan suyaklar topilib, kannibalizm haqidagi gumonlar tasdiqlandi. DNK tahlili orqali kapitan Jeyms Fitsdjeyms ham qurbonlardan biri bo‘lgani aniqlandi.

Tasavvur qilyapsizmi? Ochlikdan azob chekkan ekipaj kema kapitanini ham tanovul qilgan. Balki, bu o‘limidan keyin sodir bo‘lgandir. Shuningdek, ekipajning halokatiga konservalardan zaharlanish ham sabab bo‘lgani aniqlandi. Bugungi kunda bu kema qoldiqlari milliy tarixiy obida sifatida muhofaza etiladi.

To‘g‘risini aytganda, suv tubida qancha sir va fojia yotganini tasavvur qilish ham qiyin. Unutilgan yuk kemalaridan tortib, urushda cho‘kkan harbiy gigantlargacha. Har bir kemaning o‘z hikoyasi bor. Ular suv ostidagi haqiqiy sirli romanlardir.

Keyingi safar dengiz bo‘yida turganingizda, to‘lqinlar ostida nimalar yotganini bir o‘ylab ko‘ring...


Maqola muallifi

Teglar

Titanik Arizona cho'kib ketgan kemalar Britannik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing