Sayyoraning eng keksa insoni vafot etdi
Olam
−
20 avgust
24292Dunyodagi eng keksa inson Mariya Branas Morera 117 yoshida vafot etdi. Bu haqda Britaniyaning “Daily Mail” nashri xabar berdi.
“Mariya Branas bizni tark etdi. U o‘zi xohlagan tarzda vafot etdi: uyqusida, tinch va og‘riqsiz. Biz doimo uni nasihatlari va mehribonligi uchun eslaymiz”, deb yozadi uning oilasi X’da.
San-Fransiskoda tug‘ilgan Mariya Branas Morera so‘nggi yigirma yil davomida Ispaniyaning shimoli-sharqidagi Olot shahrining Santa Mariya del Tura qariyalar uyida yashagan va mart oyida o‘zining 117 yoshini nishonlagan. Atrofdagilar uning ruhiy va jismoniy sog‘lig‘iga qoyil qolishgan, biroq bir kun oldin u ijtimoiy tarmoqdagi obunachilarini o‘zini zaif his qilayotganidan ogohlantirgan.
“Vaqt yaqin. Yig‘lamang, men ko‘z yoshlarni yoqtirmayman. Va eng muhimi, men uchun azob chekmang. Qayerga borsam ham baxtli bo‘laman”, deb yozadi u oilasi tomonidan boshqariladigan akkauntda.
U ikkita Jahon urushidan, ispan grippi pandemiyasi, Ispaniya fuqarolar urushi va COVID-19 pandemiyasidan omon qoldi. Uning turmush o‘rtog‘i 46 yil oldin, 71 yoshida vafot etgan. Ularning uch farzandi, 11 nevarasi va 13 evarasi bor. Mariya o‘zining uzoq umr ko‘rishini tartib, xotirjamlik va “zaharli” odamlar bilan aloqa qilmaslik bilan bog‘lagan.
Ma’lumot uchun, 2023 yil yanvar oyida fransuz rohibasi Lyusil Randon 118 yoshida vafot etganidan keyin Ginnesning rekordlar kitobi Mariya Branas Morerani dunyodagi eng keksa odam sifatida rasman tan olgan. Yer yuzida yashagan eng keksa odam unvoni fransuz ayoli Jan Luiza Kalmentga tegishli bo‘lib, uning hayoti 122 yil 164 kun davom etgan.
LiveBarchasi