Sayyohlar ommaviy ravishda Fransiyaga borishdan bosh tortmoqda

Olam

image

Sayyohlar Fransiyada yuz berayotgan tartibsizliklar tufayli mamlakatga uchishdan bosh tortmoqda. Bu haqda “France 24” xabar berdi.

Parij sayyohlik idorasi rahbari Jan-Fransua Rialning so‘zlariga ko‘ra, Parijdagi zo‘ravonliklar to‘lqini munosabati bilan bron qilishlar ommaviy ravishda bekor qilingan.

“O‘ylashimcha, iyul oyi boshida Parijda sayyohlar 20-25% uchishni bekor qiladi. Agar bu raqamlar butun Fransiyada bir xil bo‘lsa, hayron bo‘lmayman”, deydi u.

Rialning qo‘shimcha qilishicha, amerikalik sayyohlarning taxminan 15 foizi allaqachon Fransiyaga uchish haqidagi fikrini o‘zgartirgan va bu mamlakat turizm sanoatiga jiddiy zarba bermoqda.

“Yil boshidan beri Parijga amerikalik sayohatchilar soni 25 foizga oshgandi, bu Rossiya va Xitoydan sayyohlar yetishmasligini qoplagandi”, deydi sayyohlik idorasi rahbari.

Ma’lumot uchun, Fransiya dunyoda eng ko‘p sayyoh tashrif buyuruvchi davlat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarini Fransiyaga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirgandi.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan. 

Bundan tashqari, Fransiya Prezidenti tartibsizliklarga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘lganini aytgandi. Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan Belgiya va veysariyada ham namoyishlar bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya sayyohlar tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing