Saylov men uchun katta maktab bo‘ldi – Alisher Qodirov (video)

Jamiyat

Kecha, 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodi Alisher Qodirov uchun maktab vazifasini o‘tadi. Bu haqda u bugun, 25 oktyabr kuni partiyasining Prezident saylovidagi ishtiroki natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

“Keyingi yillarda xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardi, tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi. Men Prezident saylovida ilk bor nomzod sifatida ishtirok etdim. Eng asosiysi bu jarayonda o‘zimning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy sohalardagi bilimlarimni yanada chuqurlashganini yaqqol aytishim mumkin. Bu men uchun katta siyosiy maktab, tajriba vazifasini bajarib berdi. Shu ma’noda ushbu saylovlar men uchun katta hayot maktabi bo‘ldi, deb ochiq aytishim mumkin.

Biz joylarda odamlar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zimizning fikrlarimizni, g‘oyalarimizni odamlarga tushuntirishga harakat qildik va o‘ylaymanki, qaysidir ma’noda bunga erishdik. “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” shiori ostidagi saylovoldi targ‘ibot va tashviqot jarayonida barcha nomzodlar uchun bir xil va teng sharoitlar yaratib berilganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Shu bois biz “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining barcha g‘oya va takliflarini xalqimizga, saylovchilarga emin-erkin yetkazib berdik”, dedi Alisher Qodirov.

U fursatdan foydalanib mamlakatda faoliyat olib borgan xorijiy kuzatuvchilarga, partiyasi faollariga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zolariga minnatdorlik bildirib o‘tdi.

“Bugungi saylov jarayoni yakuniga yetdi. Hozirgi paytga qadar biz partiyamizning manfaatlariga zarar beruvchi yoki partiyamizning huquqlarini buzuvchi har qanday holat bo‘yicha munosabat kelib tushmadi. Ushbu saylov mamlakatimizning islohotlarini davomiyligi adolat va taraqqiyot tomonidan muhim qadam ekanligini e’tirof etmoqchimiz.

Barchamizning umumiy maqsadimiz bir. Bizning saylov oldida ham takror-takror aytayotgan gapimiz shu edi. Bizning maqsadimiz O‘zbekiston taraqqiyoti va o‘zbek xalqining farovonligi uchun xizmat qilish. biz buni har qanday holatda amalga oshiramiz, har qayerda amalga oshiramiz. Biz uchun eng asosiysi bu g‘oyalarni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilish. Partiyamizning ramzida ham aynan shu mamlakatimiz taraqqiyoti uchun birlashish g‘oyalariga chaqiruv bor ekanligini takror-takror aytib keldik”, deya so‘zini yakunladi MTDP raisi Alisher Qodirov.

Avvalroq, Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan qutlagani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, saylovda ishtirok etgan nomzodlar quyidagicha ovoz to‘pladi:

•  O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov – 3,4 foiz;

•  O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov – 4,1 foiz;

•  O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Keldiyevich Qodirov – 5,5 foiz;

•  O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Azizovna Varisova – 6,6 foiz;

•  Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz;


Maqola muallifi

Teglar

maktab Mirziyoev Milliy tiklanish nomzod saylovi O'zbekiston Prezidenti saylovi

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing