Sayxunobodga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
01 noyabr 2023
4348Anvar Karimov Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 31 oktyabr kuni Xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan.
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev qatnashgan sessiya ishida tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan.
Ushbu yig‘ilishda Farrux O‘ktamjonov boshqa ishga o‘tayotgani sababli o‘z lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Anvar Karimov Rasulovich nomzodi tuman hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Anvar Karimov shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.
U ish faoliyatini 1999 yil Sirdaryo viloyati Guliston shahri moliya bo‘limida iqtisodchi, 1-toifali iqtisodchi va yetakchi iqtisodchi lavozimlarida boshlagan. 2003-2007 yillar davomida Sirdaryo viloyati Guliston shahri va tumanida bo‘lim mudiri o‘rinbosari va bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, 2005-2007 yillarda Sirdaryo viloyati hokimiyatida moliya bo‘limi mudiri, 2009-2014 yillarda Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
2014 yildan 2017 yilga qadar Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i va 2017 yilda Sirdaryo viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
2017-2019 yillar oralig‘ida Moliya vaziri o‘rinbosari hamda Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyatini davom ettirgan. 2019 yildan 2023 yilga qadar Sirdaryo viloyati hokimiyatida moliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
LiveBarchasi