Savitskiyda saqlanayotgan noyob eksponatlar Rossiyaning “Garaj” muzeyiga yuboriladi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020 yil 29 yanvardan 17 maygacha “Garaj” zamonaviy san’at muzeyi (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmada I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi kolleksiyasidagi eksponatlarning ishtirok etishi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi xalqaro madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shuningdek jahon hamjamiyatini O‘zbekistonning noyob muzey to‘plamlari bilan tanishtirish maqsadida Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining 2020 yil 29 yanvardan 17 maygacha “Garaj” zamonaviy san’at muzeyi (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmada I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi kolleksiyasidagi eksponatlarning ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi. 

Qaror bilan ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, ko‘rgazmada namoyish etiladigan eksponatlar ro‘yxati tasdiqlanmoqda. 

Qarorda belgilanishicha:

a) Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul tashkilot, shu jumladan jalb etilgan  vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish uchun javobgar organ.

b) Ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazish uchun tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

•    Jamg‘armaning byujdetdan tashqari mablag‘lari;

•    xayriya va homiylik mablag‘lari;

•    qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

•    Ko‘rgazmaga yuboriladigan muzey eksponatlariga vaqtinchalik olib chiqish uchun ruxsatnomalar beradi;

•    Ko‘rgazma davomida muzey eksponatlarining xavfsizligini ta’minlaydi.

Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasi Hukumatidan muzey eksponatlarining qaytarilishi va saqlanishi kafolatlarini olishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan muzey eksponatlari va boshqa tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini ta’minlaydi.    

Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’rifat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari kotibiyati va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev zimmasiga yuklanmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori Savitskiy muzeyi Garaj muzeyi

Baholaganlar

12

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing