O‘zbekistondagi suv omborlarida doimiy instrumental seysmologik kuzatuvlar tashkil etiladi
Jamiyat
−
11 noyabr 2020
4379O‘zbekistondagi seysmik faol hududlarda joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida so‘z boradi. Qaror loyihasi joriy yilning 6 noyabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.
Qaror qabul qilinsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
Qaror bilan:
• respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimining tashkiliy-funksional tuzilmasi;
• Respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi kutilmoqda.
Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘zbekgidroenergo” AJga:
• Fanlar akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda suv omborlari to‘g‘onlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish va zarur bo‘lgan jihozlar va asbob-uskunalarni xarid qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
• Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar suv omborlari ta’sir hududida lokal seysmik kuzatuv tarmoqlarini tashkil etish va ularga zarur jihozlar va asbob-uskunalarni xarid qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
• Fanlar akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrgacha O‘zbekiston Respublikasidagi seysmik faol hududlarda joylashgan suv omborlarida seysmologik kuzatuvlar tizimini bosqichma-bosqich joriy etsin va takomillashtirib borish yuklatilmoqda.
Qaror loyihasida shaharsozlik normalari va qoidalari (SHNQ 2.06.11-04)ga muvofiq cyeysmik intensivligi 7 va undan yuqori ballik (J≥7.0) seysmik faol hududlarda joylashgan 1-2 sinfga kiruvchi suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlar doimiy amalga oshirish belgilab qo‘yilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi o‘qibatida viloyat hududlari va qo‘shni Qozog‘istonni suv bosdi. Talafotlarni bartaraf etish, uysiz qolgan aholini turar-joy bilan ta’minlash hamon davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.